Toʻgʻri ovqatlanish chiroyli teriga ega boʻlish garovidir.
Biz nima yesak, shunday boʻlamiz! Sogʻliqni mustahkamlash va goʻzallikni saqlab qolish uchun qanday ovqatlanish kerak?
- Gazaklar, shakarli gazlangan ichimliklar, fastfud, chips va qotgan nonlardan voz keching.
- Kuniga 3 mahal issiq ovqat yeyishingiz kerak (ya’ni, quruq buterbrodlar emas, shoʻrva yoki quyuq taom).
- Asosiy ovqat yeyish orasida meva, yongʻoq yoki sut-qatiq mahsulotlarini iste’mol qiling.
- Soatga qarab ovqatlaning: uygʻongandan soʻng bir soatdan kechiktirmasdan nonushta qiling va yotishdan 3-4 soat oldin kechki ovqatni yeb oling.
- Har kuni 1,5-2 litr gazsiz toza suv iching (achchiq boʻlmagan choy ham ayni muddao). Har yarim soatda 100 ml ichish eng oson usuldir. Lekin, har bir kishining suvga boʻlgan ehtiyoji individual boʻlishini hisobga oling.
Teringiz sogʻlom koʻrinishga ega boʻlishi uchun quyidagilar muhim:
- Tarkibida tirik bakteriyalar boʻlgan sut-qatiq mahsulotlari. Ular sogʻlom ichak mikroflorasini saqlashga va zararli toksinlarni chiqarib tashlashga yordam beradi. Bunday mahsulotlarni sut mahsulotlari turgan tokchadan qidiring (ularning yaroqlilik muddati 5 kundan oshmasligi kerak) yoki uy sharoitida tabiiy yogurt tayyorlashga harakat qiling.
- Kletchatkali mahsulotlar. Bizning organizmimizga juda zarur boʻlgan tirik bakteriyalar aynan toʻqimalar (kletchatka) bilan oziqlanadi. Shuning uchun, asosiy taom yeyish orasida yangi mevalar va yangi, bugʻda dimlangan yoki pishirilgan sabzavotlar bilan gazak qiling. Qolaversa, kletchatkali mahsulotlar organizmdan toksinlarni a’lo darajada chiqarib tashlaydi.
- Tarkibida A vitamini boʻlgan mahsulotlar. Bunday mahsulotlar teri yogʻini ishlab chiqarishni kamaytiradi va terining immunitetini yaxshilaydi. A vitamini yogʻli baliq, sariyogʻ, tuxum sarigʻi va tvorogda mavjud. Toʻq sariq rangli mevalarda, sabzavotlarda va salatning toʻq yashil barglarida A vitamini koʻp.
- Tarkibida omega-3 va omega-6 oilalarining yarim toʻyingan yogʻli kislotalari boʻlgan mahsulotlar immunitet tizimiga va terining himoya funksiyalariga ijobiy ta’sir qiladi. Yogʻli baliq va zigʻir yogʻida omega-3 juda koʻp, tozalanmagan zaytun va kungaboqar yogʻida omega-6 mavjud. Lekin siz ularni qovurib emas, xomligicha iste’mol qilishingiz kerak.
- Tarkibida gormonal holatga ijobiy ta’sir koʻrsatadigan B6 vitamini boʻlgan mahsulotlar. Bu vitamin goʻsht, parranda goʻshti, baliq, toʻliq donli non, avakado va yongʻoqlar kabi mahsulotlarda koʻp.
Yodingizda tutingki sizning taomlanish ratsioningiz terining holatini, shuningdek, butun organizmning ishlashini ham yaxshi, ham yomon tomonga oʻzgartirishi mumkin.