Uy konservalari nia uchun xavfli boʻlishi mumkin?
Uy sharoitida tayyorlangan ba’zi konservalar hayot uchun xavfli boʻlishi mumkin, chunki ular kam uchraydigan, ammo oʻta xavfli boʻlgan botulizm kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.
Botulizmning asosiy manbai toʻgʻri ishlov berilmagan oziq-ovqat hisoblanadi. U kislorod kirish imkoni boʻlmagan sharoitlarda koʻpayadi va inson tanasi uchun xavfli botulinli toksinini ishlab chiqaradi.
Qaysi oziq-ovqat mahsulotlari botulizmning eng koʻp sababi boʻlishi mumkin?
- tuzlangan qoʻziqorin, bodring, pomidor;
- goʻsht va baliq konservalari;
- uyda tayyorlangan kolbasa;
- Chala yuvilgan oziq-ovqat mahsulotlari va hokazo.
Botulizm bilan zaharlangan ovqat ta’mi, rangi va hidiga koʻra sifatli oziq-ovqatdan farq qilmaydi.
Botulizmning asosiy belgilaridan biri konservalangan bankaning shishganligi va pufaklar mavjudligi. Shu sababli temir banka deformatsiyalangan boʻlsa, konservalarni iste’mol qilmaslik kerak.
Qanday belgilar kasallikdan dalolat beradi?
- ogʻiz qurishi;
- ovozning oʻzgarishi, yutinishda ogʻriq, nutqning buzilishi;
- narsalarning ikkita boʻlib koʻrinishi, koʻrishning buzilishi;
- ko’zning yuqori qovogʻi tushishi, koʻz qorachigʻining kengayishi, gʻilaylik paydo boʻlishi;
- mimikaning yoʻqolishi, terining rangparligi, yurishning beqarorligi, harakatning buzilishi;
- oyoq-qoʻl, nafas olish mushaklarining simmetrik zaiflashishi va harakatsizligi (koʻkrak qafasining siqilish hissi);
- qorin ishishi va ogʻrishi, kuniga 3-5 marta ich ketishi.
Oziq-ovqat botulizmining belgilari odatda toksin tanaga kirgandan 12–36 soat oʻtib paydo boʻladi.
Agar yuqorida sanab oʻtilgan belgilardan kamida bitta yoki ikkitasi sizda yoki yaqinlarigizda paydo boʻlsa, shoshilinch shifokorga murojaat qilish zarur. Kech murojaat eng jiddiy oqibatlarga olib keladi, chunki nafas olish tizimi mushaklarining tez falajlanishi (harakatsizligi) bemorning oʻlimiga olib keladi.
Sogʻligingizni xavf ostiga qoʻymang. Konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilishda ehtiyot boʻling. Botulizmning birinchi belgilaridayoq shifokorga murojaat qiling! Chunki botulizmdan faqat kasalxona sharoitida yuboriladigan zardob yordamidagina tuzalish mumkin.