Notoʻgʻri ovqatlanish oqibatlari
Ratsional (toʻgʻri) ovqatlanish – bu toʻliq balanslangan va optimal ovqat qabul qilish rejimiga xos boʻlgan ovqatlanish tamoyillariga rioya qilishdir.
Ovqatlanish – hayotning asosiy biologik ehtiyojidir. Ovqat, oʻz navbatida, organizmning rivojlanishi va modda almashinuvini tartibga solish uchun zarur boʻlgan energiya va moddalarni yetkazib beradi, organizmning oʻsishi va toʻgʻri shakllanishini, sogʻliqni saqlashini ta’minlaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻyiladigan asosiy talablar shundaki, ular foydali, xilma-xil, toʻyimli va miqdor jihatdan optimal boʻlishi lozim.
Nonushta qilmaslik, tez-tez tamaddi qilish, shirinliklarni koʻp iste’mol qilish, ovqatlarga koʻp tuz qoʻshib yeyish – bularning barchasi ovqatlanishdagi eng zararli odatlardir. Doimiy ravishda sogʻlom ovqatlanish qoidalarining buzilishi oʻsmirlar orasida ortiqcha vazn va surunkali kasalliklarning koʻpayishiga olib keladi. Hozirda oʻsmirlar orasida semizlik va u bilan bogʻliq qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari kabi xastaliklar sonining ortishi jiddiy havotirga sabab boʻlmoqda.
Notoʻgʻri ovqatlanish oʻsib borayotgan organizmning zarur ozuqa moddalari bilan toʻyina olmasligiga olib keladi. Misol uchun, temir moddasi kam boʻlgan ratsion temir tanqisligi anemiyasi kasalligining koʻpayishiga olib keladi.
Kerakli ozuqa moddalarining yetishmasligi quyidagi muammolarni yuzaga keltirishi mumkin:
- doimiy bosh aylanishi;
- kuchli toliqish;
- immunitet tizimining zaiflashuvi;
- tishlar parchalanishi;
- boʻgʻinlardagi muammolar;
- suyaklar moʻrt boʻlib qolishi,
- suyaklar sinishi xavfi ortishi;
- boʻy oʻsmay qolishi;
- qizlarda – hayz davrining buzilishi.