Ozish – ovqatdan voz kechishni anglatmaydi!
Koʻpchilik ideal qomatga erishish uchun vazn yoʻqotishning turli usullarini sinab koʻradi. Yoshlar orasida mashhur usullardan biri bu — och yurish, ammo natijada bu sogʻliq bilan bogʻliq jiddiy muammolarga olib keladi.
Bir kun och yurish xavfsiz va sezilmasdan oʻtishi mumkin, ammo siz ovqatdan voz kechishda yana davom etsangiz, bu hol quyidagi jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin:
- ruhiy tushkunlik, kayfiyat oʻzgarib turishi, asabiylashish;
- hayz davrining buzilishi;
- ich qotishi;
- suyaklarning moʻrtlashishi;
- teri qurishi va yupqalashishi;
- soch xiralashishi va toʻkilishi;
- tirnoqlar sinishi;
- uyqu buzilishi;
- modda almashinuvi sekinlashishi;
- vitamin yetishmasligi;
- immunitet tushishi;
- jigar funksiyalarining buzilishi;
- oshqozon-ichak tizimi surunkali kasalliklari (gastrit, oshqozon yarasi)ni kuchayishi va boshqalar.
Och yurish bir necha keraksiz kilogrammdan xalos boʻlishga yordam beradi, lekin doimiy ovqatlanish rejimiga qaytganda, kilogrammlar yana qaytib keladi. Buni ustiga ortiqcha vazn yanada tezroq yigʻiladi. Sababi shundaki, ochlik moddalar almashinuvini sekinlashtiradi (bu holatda organizm energiyani tejashga harakat qiladi), natijada normal tezlikka qaytish uzoq davom etadi.
Ozish uchun turli xil usullar mavjud, ammo eng samarali yoʻl bu kaloriyalar sonini bir oz kamaytirib, jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishdir. Bunda koloriya yetishmovchiligini keltirib chiqarish osonroq boʻladi (qabul qilganimizga qaraganda koʻproq koloriya sarf qilamiz). Buning uchun sport bilan shugʻullaning, koʻproq raqsga tushing, yuguring yoki koʻproq sayr qiling.
Ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan boʻlsangiz, dietolog yoki endokrinologga murojaat qilishingiz kerak. Agar vazn yoʻqotishga toʻsqinlik qilayotgan gormonal muammolar boʻlsa endokrinolog sizga yordam beradi, dietolog esa zararsiz ozish uchun sizning hayot tarzingiz, boʻyingiz va vazningizga koʻra oʻzingizga mos boʻlgan parhezni tanlab beradi.