2022-06-16_15-14-16.jpg

Sogʻlom ovqatlanish boʻyicha maslahatlar

Sogʻlom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish har bir insonning qoʻlidan keladi. Quyidagi qoidalarni oʻqib chiqib, ovqatlanishni rejalashtirganda ulardan asos sifatida foydalansangiz, sogʻlom ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi yoʻlida birinchi qadam qoʻygan boʻlasiz.

1.Faol boʻling - kamroq oʻtiring va koʻproq harakat qiling,

Oziq-ovqat iste’moli va energiya sarfi muvozanatda boʻlishi kerak. Normal modda almashinuvi va sogʻliqni yaxshi saqlab qolish uchun koʻp harakat qilish lozim. Kun davomida, ayniqsa, kompyuter va televizor ekranlari oldida kamroq vaqt oʻtkazish kerak.

2. Kuningizni nonushta bilan boshlang

Nonushta sizni kun davomida quvvatlantirishi lozim. Nonushta uchun turli xil boʻtqalar, ayniqsa, butun donli yormalar juda foydali. Bundan tashqari, bir choy qoshiq asal yoki qora shokolad boʻlagi kabi kichik miqdordagi shirinlikni iste’mol qilishingiz mumkin.

3. Muntazam ravishda va oz miqdorda ovqatlaning

Kuningizni shunday rejalashtiringki, kuniga kamida uch mahal ovqatlanishga imkoningiz boʻlsin. Ovqatlanishlar orasida uzoq vaqt tanaffus tufayli, ortiqcha ovqat iste’mol qilishning oldini olish uchun muntazam ovqatlanishga harakat qiling Ehtiyoj sezsangiz, asosiy ovqatlar orasida meva va sabzavotlar, yongʻoq va yogurt kabilarni yeyishingiz mumkin.

4. Koʻproq ozuqaviy tolalarga boy boʻlgan mahsulotlarni iste’mol qiling

Don, meva va sabzavotlar normal hazm qilish uchun zarur boʻlgan kletchatka manbalaridir va bu mahsulotlarni iste’mol qilish juda muhimdir.

5. Yogʻlarni oqilona iste’mol qiling

Bizning tanamiz yogʻlarga muhtoj, ammo ularni albatta me’yorida qabul qilishi kerak. Shu bois ovqat tayyorlashda koʻp miqdorda yogʻda qovurishdan koʻra, qaynatib, bugʻda yoki pechda pishirish foydaliroq. Ratsioningizga yongʻoq, bodom va qovoq urugʻi kabilarni qoʻshib, xilma-xillik kiritishga harakat qiling. Baliq moyidan choʻchimang! Uni biologik qoʻshimcha sifatida kapsulalar koʻrinishida iste’mol qilish mumkin.

6. Shakar iste’molini kamaytiring

Pishiriq va shirinliklar oʻrnini yangi yoki quritilgan mevalar bilan almashtirish tavsiya etiladi. Bu ham mazali, ham tanangiz uchun foydali boʻladi.

7. Kamroq tuz ishlating

Ovqat pishirayotganda tuzning oʻrniga oʻtlar va boshqa ziravorlardan foydalanishingiz mumkin. Tayyor taomni stolga tortayotgan vaqtda, ozgina tuz qoʻshsa boʻladi. Tuzni ortiqcha iste’mol qilish (kuniga 5 grammdan ortiq) yurak-qon tomir kasalliklari, arterial gipertenziya, buyrak kasalliklari va boshqa kasalliklarga olib kelishini unutmang.

8. Chanqogʻingizni suv bilan qondiring

Eng yaxshi ichimlik toza suvdir. Aynan suv aqliy va jismoniy yuklamalarni muvaffaqiyatli yengishga yordam beradi.

Oʻsmirlar parhezni qanday tutishlari mumkinligi haqida “Oʻsmirlar parhezga amal qilishlari kerakmi?” nomli maqolada bilib olasiz.

Oldingi Keyingi