2022-06-16_15-10-47.jpg

Vegetarianlik nima?

Vegetarianlik – goʻsht va boshqa hayvonot mahsulotlarini ratsiondan toʻliq yoki qisman chiqarib tashlanadigan hayot tarzi va ovqatlanish tizimidir. Bu jonivorlar goʻshtini iste’mol qilishni ixtiyoriy ravishda rad etishdir.

Vegetarianlikning bir necha turlari mavjud:

Lakto-vegetarianlik – sut mahsulotlari va oʻsimlik iste’moliga asoslangan vegetarianlikdir. Lakto-vegetarianlar sut va turli xil sut mahsulotlarini iste’mol qiladilar. Bu eng keng tarqalgan va koʻplab vegetarianlar uchun boshlangʻich bosqichdir.

Lakto-ovo-vegetarianlik – sut-tuxum-oʻsimlik vegetarianligi boʻlib, oʻsimlik mahsulotlari bilan bir qatorda, bunday vegetarianlar sut mahsulotlari va parranda tuxumini iste’mol qiladilar.

Pesketarianizm – issiq qonli hayvonlarning goʻshti iste’mol qilinmaydigan, ammo baliq va dengiz mahsulotlarini iste’mol qilish mumkin boʻlgan ovqatlanish tarzi.

Xom iste’mol qilish – termik ishlov berilgan har qanday ovaqatdan voz kechish.

Fruktorianlik – meva, quritilgan meva, yongʻoq va urugʻlarni iste'mol qilishga asoslangan turi.

Veganizm vegetarianlikning eng qattiq turi boʻlib, unda hayvonlarni ekspluatatsiya qilish natijasida olingan barcha mahsulotlar hayot tarzidan mutlaqo olib tashlanadi.

Agar odam oʻz parheziga e’tibor bilan qarashga va uni rejalashtirishda vaqt ajratishga tayyor boʻlsa, uzoq muddat davomida vegetarian oziqlanish tarziga rioya qilishi mumkin.

Oʻsimlik ratsioniga oʻtganda, oqsil, vitamin B12, temir, sink, kaltsiy, omega-3, yod kabi ozuqa moddalari yetishmovchiligiga duch kelish xavfi mavjud. Ammo ratsionga toʻgʻri rioya qilinsa, vegeterianlik tanani va qon tomirlarini tozalashga, vazn va qon bosimini normallashtirishga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga va qondagi xavfli xolesterin darajasini pasaytirishga yordam berishi mumkin.

Vegetarianlik/veganlikka oʻtish qarorini qabul qilishda mas’uliyat bilan yondoshish va shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Keyingi maqolada vegaterianlikning veganizmdan farqi haqida oʻqishingiz mumkin.

Oldingi Keyingi