антибиотки 3.jpg

Antibiotiklarga chidamlilik yoki nima uchun antibiotiklar foyda bermay qoʻyadi?

Yer sharida odamlar, hayvonlar va oʻsimliklardan tashqari, bizning koʻzimizga koʻrinmaydigan boshqa tirik organizmlar ham mavjud. Biz ularni mikroblar, viruslar, zamburugʻlar, parazitlar deb ataymiz. Ular turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishga qodir. Ushbu kasalliklarga qarshi kurashish uchun antimikrob dori vositalari kerak.

Antimikrob rezistentlik (chidamlilik) deganda, ilgari ma’lum bir dori yordamida davolangan infeksiya, endilikda unga zaifroq javob qaytarishi yoki butunlay sezgirlikni yoʻqotishi tushuniladi.

Lekin nima uchun antibiotiklar ta’sir qilmay qoʻyadi?

Mikroblarning boshqa tirik mavjudotlar kabi maqsadi bir — uzoqroq va qulayroq yashash. Inson tanasida yashash ular uchun juda qulay. Biroq, tirik qolish uchun ular evolyutsiya jarayonida turli xil himoya mexanizmlarini ishlab chiqishlari kerak boʻladi. Jumladan, asosiy dushmanlari boʻlgan antibiotiklardan himoyalanish tirik qolishning sosiy omillaridan biridir. Buning uchun ular tashqi koʻrinishini oʻzgartiradilar, ya’ni ularda gen mutatsiyasi sodir boʻladi. Oldingi oddiy bakteriya, endi "superbakteriya" ga aylanadi. Shu tariqa ular oʻz dushmanlaridan himoyalanib, dori ta’siriga qarshi tura oladilar.

Mikroorganizmlarning himoya mexanizmlari quyidagilar tufayli kuchayib ketadi:

  • antibiotiklarni asossiz qabul qilish;
  • notoʻgʻri dori vositasini tanlash;
  • notoʻgʻri tanlangan doza;
  • juda qisqa kurs qabul qilish;
  • oʻz-oʻzini davolash va boshqalar.

Yana shuni ham bilish kerakki, bakteriyalar antimikrob dorilarga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan irsiy materiallarini bir-biri bilan almashinishga qodir. Antibiotiklarga qarshilik koʻrsata olgan eng kuchli, eng chidamli bakteriyalar tirik qoladi. Endi ular koʻpayishadi, halok boʻlishmaydi va tirik qolishga yordam bergan ma’lumotni bir-birlari bilan boʻlishishadi. Turli xil antibiotiklarga chidamli boʻlgan bu patogen bakteriyalarni odamlar bir-birlariga yuqtiradilar. Insonning oʻzi kasal boʻlmasligi ham mumkin – ular shunchaki chidamli bakteriya tashuvchisi boʻlib, boshqalarga uni yuqtirishda davom etadilar. Antibiotiklar qancha koʻp notoʻgʻri qabul qilinsa, chidamli bakteriyalar shuncha koʻp rivojlanib boradi.

Antibiotiklarni nazoratsiz qabul qilish oqibatlari haqida keyingi maqolada oʻqishingiz mumkin.

Oldingi Keyingi