антибиотики.jpg

Antibiotiklarni nazoratsiz qabul qilish nimaga olib keladi?

Bakterial infeksiyalar eng xavfli infeksiyalar qatoriga kiradi. Ularning aksariyati oʻlimga ham olib kelishi mumkin boʻlgan jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishga qodir. Ular bilan kurashishning yagona yoʻli mikroblarga qarshi dorilar, ya’ni antibiotiklardir.

Ammo, soʻnggi paytlarda infeksiyalar bilan kurashishga antibiotiklarning ham kuchi yetmayapti. Zero bakteriyalar ham, boshqa organizmlar kabi, tirik qolish uchun oʻz koʻrinishini oʻzgartirish va salbiy holatlarga moslashish xususiyatiga ega. Ularning antimikrob dorilarga chidamliligi aytilgan xususiyatlaridan biri hisoblanadi va bu holat bugungi kunda dunyo miqyosidagi muammo deb tan olingan.

Nega buni bilish biz uchun muhim?

Dunyo boʻylab har yili 700 000 dan ortiq odam dorilarga chidamli boʻlgan mikroblar chaqiradigan infeksiyalardan vafot etadi. Olimlarning bashorati boʻyicha, 2050-yilga borib har yili 10 million kishi dorilarga chidamli mikroblardan nobud boʻla boshlaydi.

Eng tashvishlisi, oʻta chidamli yoki toʻliq chidamli bakteriyalarning ( “superbakteriyalar”) dunyo boʻylab koʻpayib borishidir. Chunki ular keltirib chiqarayotgan infeksiyalar mavjud boʻlgan antimikrob dorilar, xususan, antibiotiklarni qoʻllaganda ham davolanmaydi.

Bakteriyalarda chidamlilik rivojlanishining asosiy sabablari: mikroblarga qarshi dori vositalarini retseptsiz va nazoratsiz qoʻllash, ulardan chorvachilik va dehqonchilikda ortiqcha foydalanish.

Bakteriyalar chidamliligi oshib borishi bilan sil, meningit, zotiljam va ayrim ichak infeksiyalari kabi boshqa keng tarqalgan kasalliklarni davolash qiyinchilik tugʻdira boshlaydi. Bundan tashqari, eng oddiy jarroxliklarni xavfsiz bajarish tobora qiyinlashadi, tibbiy xarajatlar oshadi, kasalxonada davolanish davomiyligi uzayadi, oʻlim soni ham koʻpayadi.

Yangi antibiotiklarni ishlab chiqish juda uzoq va murakkab jarayon boʻlib, 10 yil yoki undan ham koʻproq vaqt talab qilishi mumkin. Ammo antimikrobga boʻlgan hozirgi munosabat shunday davom etsa, yangi dori vositalarining samaradorligi ham tezda eskiradi.

Shuning uchun dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilmaslik lozim va albatta shifokor tavsiyalariga amal qilish kerak. Shuningdek, gigiyena va sanitariya qoidalariga rioya qilish orqali infeksiyani oldini olishga harakat qilish juda muhim.

Keyingi