Бегуния.png

Sogʻlom boʻlish uchun kuniga qancha qadam bosish kerak?

Yurish bu – eng universal va tekin jismoniy mashq turi. U odamning yanada chidamli boʻlishiga yordam beradi, yurak-qon tomir va boshqa kasalliklar xavfini kamaytiradi. Sayr qilishni yoqtiradigan insonlar jismoniy faolligi kamroq boʻlgan tengdoshlariga qaraganda uzoqroq yashaydilar.

Garvard tibbiyot maktabi olimlari salomatlik uchun kuniga asli qancha qadam bosish zarurligini aniqlash maqsadida tadqiqot oʻtkazdilar. Ma’lum boʻlishicha, odam kuniga oʻrtacha 2700 qadam bosadi. Agar kunlik yurishni 4400 qadamgacha oshirsa, bu salomatlikni sezilarli darajada yaxshilaydi va umr davomiyligini oshiradi[1]. Shuningdek, Texas universiteti olimlarining xulosalariga koʻra, agar kuniga 5000 dan ortiq qadam tashlansa, tana yogʻ massasini kamroq yigʻadi [2]. Biroq, olimlar 7500 dan koʻproq qadam bosishning hech qanday qoʻshimcha foydasini sezmadilar.

Sehrli “10 000” raqami esa 1960-yillarda Yaponiyada elektron qadam oʻlchagich ixtiro qilinganidan soʻng paydo boʻldi. Ushbu pedometrning nomi “Manpo-kei” boʻlib, bu “10 000 qadam” degan ma’noni anglatadi. Pedometr juda mashhur boʻlib ketdi va 10 000 raqami odamlarning ongida saqlanib qoldi, ammo aynan shuncha qadam yurishning foydalari boʻyicha hech qanday ilmiy izlanishlar oʻtkazilmagan.

Soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, kuniga 10 ming qadam yurish shart emas. Bu raqamning yarmini bosib oʻtish ham oʻzingizni sogʻlom his qilishingizga yordam beradi. Jismoniy mashqlarni oʻzingizning hol-ahvolingiz va kayfiyatingizga qarab tanlashingiz kerak. Bundan tashqari, qadamlar normasi odamning yoshiga va umumiy jismoniy holatiga bogʻliq.

Oldingi Keyingi