Sogʻlom ovqatlanish boʻyicha maslahatlar
Sogʻlom ovqatlanish tamoyillariga amal qilish har bir insonning qoʻlidan keladi. Quyidagi qoidalarni oʻqib chiqib, ovqatlanishni rejalashtirganda ularni asos sifatida ishlatsangiz, siz sogʻlom ovqatlanish va turmush tarziga birinchi qadamni qoʻygan boʻlasiz.
- Faol boʻling – kamroq oʻtirib, koʻproq harakat qiling
Oziq-ovqat iste’moli va energiya sarfi muvozanatda boʻlishi muhim. Normal modda almashinuvi va sogʻliqni yaxshi holatda saqlab qolish uchun koʻp harakat qilish kerak. Kun davomida, ayniqsa, kompyuter va televizor ekranlari oldida kamroq vaqt oʻtkazish maqsadga muvofiq.
- Kuningizni nonushta bilan boshlang
Nonushta sizni kun davomida quvvatlantirishi lozim. Nonushta uchun turli xil boʻtqalar, ayniqsa, butun donli yormalar juda foydali. Qoʻshimcha ravishda, bir choy qoshiq asal yoki qora shokolad boʻlagi kabi shirinliklarni oz miqdorda iste’mol qilishingiz mumkin.
- Muntazam ravishda va kichik qismlar bilan ovqatlaning
Kuningizni shunday rejalashtiringki, kuniga 3 marotaba ovqatlanish imkoningiz boʻlsin. Ovqatlanish orasida uzoq vaqt tanaffuss tufayli, ortiqcha yeyishning oldini olish uchun muntazam ravishda ovqatlanishga harakat qiling. Ehtiyoj sezsangiz, asosiy ovqatlar orasida meva va sabzavotlar, yongʻoq va yogurt kabilarni yeyishingiz mumkin.
- Oʻsimlik tolalariga boy boʻlgan mahsulotlarni koʻproq iste’mol qiling
Don, meva va sabzavotlar normal hazm qilish uchun zarur boʻlgan kletchatka manbaidir. Shuning bois bu mahsulotlarni iste’mol qilish juda foydali.
- Yogʻlarni oqilona iste’mol qiling
Bizning tanamiz, albatta, yogʻlarga ham muhtoj, ammo bu me’yorida boʻlishi kerak. Ovqat tayyorlashda koʻp miqdordagi yogʻda qovurishdan usulidan koʻra, qaynatib, bugʻda yoki pechda pishirgan ma’qul. Ratsioningizga yongʻoq, bodom va qovoq urugʻi kabilarni qoʻshib, xilma-xillik kiritishga harakat qiling. Baliq yogʻidan qoʻrqmang! Uni biologik qoʻshimcha sifatida kapsulalar koʻrinishida iste’mol qilish mumkin.
- Kamroq shakar
Pishiriq va shirinliklar oʻrnini yangi yoki quritilgan mevalar bilan almashtirish tavsiya etiladi. Natijada siz ham mazali, ham tanangiz uchun foydali boʻlgan shirinliklarni iste’mol qilasiz.
- Kamroq tuz
Ovqat pishirayotganda, tuzning oʻrniga, oʻtlar va boshqa ziravorlardan foydalanishingiz mumkin. Tayyor taomni stolga tortayotgan vaqtda, bir oz tuz qoʻshsa boʻladi. Tuzni ortiqcha iste’mol qilish (kuniga 5 grammdan ortiq) yurak-qon tomir kasalliklari, arterial gipertenziya, buyrak kasalliklari va boshqa kasalliklarga olib kelishini unutmang.
- Chanqogʻingizni suv bilan qondiring
Eng yaxshi ichimlik toza suv hisoblanadi. Aynan suv ruhiy va jismoniy stressni muvaffaqiyatli yengishga yordam beradi.
Oʻsmirlar parhezni qanday tutishlari mumkinli haqida “Oʻsmirlar dietaga muhtojmi?” maqolasida bilib olasiz.