Sog‘lom turmush tarzi qoidalari
Hayotingiz davomida sogʻlom turmush tarziga rioya qilishingiz koʻplab muammolarning oldini oladi. Bir qarashda murakkab tuyuladigan, koʼp saʼy-harakatlar, sabr-toqat va iroda, vaqt va sharoit talab qiladigan sogʼlom turmush tarzining asosiy qoidalari nimalardan iborat?
Sizga sogʻlom turmush tarzining quyida keltirilgan eng muhim qoidalariga rioya qilishingizni tavsiya qilamiz.
1.Sport va jismoniy tarbiya
Jismoniy mashqlar va sport — sogʻlom hayot kechirishning asosiy shartlaridan biri. Oddiygina choʻzilish, piyoda yurish, turnikda tortilish, hattoki yengil raqsga tushish ham – jismoniy mashq hisoblanadi. Oʻzingizga yoqadigan sport turini tanlab, jismonan faol boʻling. Kuniga 30-60 daqiqa davomida sport bilan shugʻullansangiz, sogʻlom boʻlishingiz uchun yetarli.
Yodda tuting! Kamroq oʻtirish va koʻproq harakatlanish kerak.
Darsda yoki kompyuter oldida uzoq vaqt oʻtirib qolsangiz, har soatda kamida 5 daqiqa tanaffus qiling va turli yengil mashqlarni bajarib, yelka, bel va oyoqlar chigilani yozing.
- Toʻgʻri ovqatlanish.
Ovqatlanish ratsioniga e’tibor bering, tabiiy mahsulotlar — meva va sabzavotlar, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqatlarni koʻproq iste’mol qiling.
Foydali maslahat! Har kuni 2 litr atrofida suv iching. Hot-dog va gamburger kabi ovqatlar, rangli va gazli ichimliklar, yarim tayyor mahsulotlar, qovurilgan kartoshka (chips) va non mahsulotlari, sun’iy ta’m, rang va shakl berilgan oziq-ovqat mahsulotlari va energetik ichimliklardan voz keching.
Mevalarni ovqatdan yarim soat oldin, choy va ichimliklarni esa ovqatdan 1-2 soat oʻtgach keyin iste’mol qilish lozim.
Ehtiyot boʻling! Oʻzingizni zararli odatlardan (tamaki, alkogol mahsulotlari va boshqalar) asrang
- Kun tartibi.
Kun tartibiga qat’iy rioya qiling. Birinchidan, 8 soatdan kam uxlamaslik; ikkinchidan, kunning taxminan bir vaqtida uxlab, bir vaqtda uygʻonishga odatlaning. Kechki soat oʻnda uxlab, ertalab soat 6 larda turish foydali rejimlardan hisoblanadi.
- Ijobiy kayfiyat.
Sogʻlom turmush tarzining yana bir muhim qoidasi – yorqin va ijobiy kayfiyatdan koʻproq zavq oling. Oila davrasida kulishib oʻtirish, quvnoq oʻyinlar oʻynash, komediya janridagi kitoblar va filmlar bularga yaxshi misol boʻla oladi.
- Tozalikka rioya etish.
Uyingiz, xona va ish xonangizni doimo toza tuting, har kuni uni artib-tozalang, tez-tez derazalarni ochib, toza havo kirishini ta’minlang.
- Shaxsiy gigiyena.
Ovqatlanishdan avval va keyin albatta qoʻllarni yuvish, uyqudan oldin va ertalab uygʻongan keyin tishlarni tozalash, toza kiyim kiyish, umuman, tozalikka qat’iy rioya etish hayotingizni sogʻlom, goʻzal va yorqin qiladi.
Unutmang! Sogʻlom turmush – insonni turli kasalliklardan himoya qiladi, oʻzini yaxshi his qilishga sabab boʻladi va muvaffaqiyatga erishishini kafolatlaydi.