in yan.jpg

Yoga haqida

Yoga – bu kuch va bukiluvchanlikni mustahkamlashga, nafas olishni yaxshilashga qaratilgan qadimiy mashqlar tizimi. Yoga madaniyati Hindistonda vujudga kelgan.

Hozirgi zamonda yoga deganda asosan tana bilan ishlash tushuniladi. U turli xil pozalar (asanlar), nafas olish mashqlari (pranayama), meditatsiya va boʻsh qoʻyish mashqlarini oʻz ichiga oladi.

Yoga mushaklarni boʻshashtirishga va stressdan xalos boʻlishga yordam beradi, tana va ruhning uygʻunligini saqlaydi. Bundan tashqari, yoga bilan shugʻullanish uchun deyarli hech qanday yosh cheklovlari yoʻq.

Yoga bilan shugʻullanishni boshlashdan oldin, unga tegishli barcha qoidalarini oʻrganib chiqish lozim. Aks holda, mashqlardan hech qanday foyda boʻlmaydi, qolaversa, oʻzingizga zarar ham yetkazishingiz mumkin.

Yoga bilan shugʻullanganingizda:

  1. Har doim oʻz imkoniyatlaringizni toʻgʻri baholang va xavfsizlik choralariga rioya qiling. Har bir mashq shoshmasdan va keskin ogʻriqlarsiz bajariladi. Agar biror narsa notoʻgʻri ketayotganini his qilsangiz, mashq qilishni toʻxtatganingiz afzalroq.
  2. Haddan tashqari chiranib shugʻullanmang. Mashqlar kuch-quvvat koʻpayishi va yoqimli charchoqni keltirishi kerak. Agar yoga bilan oʻz imkoniyatlaringizdan ortiq holda shugʻullanayotgan boʻlsangiz va bunday mashgʻulotlardan soʻng uzoq vaqt oʻzingizga kelsangiz, yondashuvingizni zudlik bilan oʻzgartirishingiz lozim.
  3. Muntazam ravishda mashq qiling, chunki aynan doimiy mashgʻulotlar yogaga kirishib borishingizga va undan maksimal darajada foyda olishga yordam beradi.

Hozirgi kunda koʻplab sport markazlari, studiyalar va sport klublarda ushbu yoʻnalishni topish mumkin. Shuning sababli birinchi mashgʻulotlarni tajribali murabbiy nazorati ostida oʻtkazish yaxshiroq. Chunki, yogada nafaqat barcha mashqlarni toʻgʻri bajarish lozim, balki nafas olish texnikasiga rioya qilish va boʻshashishni ham toʻgʻri bajarish muhimdir.

Oldingi Keyingi