yoga.jpg

Yoganing qaysi turi menga mos keladi?

Yoga koʻplab turlarni oʻz ichiga oladi. Ularning ichida eng tarqalganlari:

  1. Hatxa yoga. Bu turdagi yoganing asosiy maqsadi jismoniy va ruhiy jarayonlarning muvozanatiga erishishdir. U boshqa turlardan oldin paydo boʻlib, boshqa barcha yoʻnalishlar asosi hisoblanadi. Hatxada quyidagi elementlarga alohida e’tibor beriladi: asana(pozalar), nafas olish amaliyoti, diqqatni jamlash va meditatsiya. Mashqlar harakatchanlik va moslashuvchanlikni yaxshilaydi, kuch va chidamlilikni oshiradi. Yogani endi boshlamoqchi boʻlganlar uchun hatxa yoga yaxshi tanlov hisoblanadi.
  2. Kundalini yoga – muntazam mashqlar yordamida umurtqa pogʻonasidan energiyani koʻtaradigan yoga yoʻnalishlaridan biri. Energiya, his-tuygʻular, ong va xohishlarni boshqarishni oʻrgatadi. Asosiy tamoyillari: toʻgʻri nafas olish, meditatsiya va asanani uzoq vaqt ushlab turish. Asosiy maqsadi: barcha chakralarni (inson tanasining ruhiy, hayotiy kuchlari jamlangan energiya markazlari) uygʻotishdir. Bu tur yangi shugʻullanuvchilar uchun toʻgʻri kelmaydi. Bu yoʻnalishni yaxshi oʻqituvchi bilan boshlash lozim.
  3. Ayengar yogasi – eng xavfsiz yoʻnalish. Ushbu usulning asosiy xususiyati shundaki, mashgʻulotlarda barcha pozalar sekin, ohista va uzoq vaqt davomida amalga oshiriladi. Hammasi oddiy pozalardan boshlanadi va sekin-asta murakkab boʻlganlari bilan tugatiladi. Ushbu usulda stullar, bloklar, kamar va yostiqlar kabi barcha turdagi tayanchlardan foydalaniladi. Bu yangi shugʻullanuvchilar, jarohatlangan yoki shunchaki stressda boʻlganlar uchun pozalarni toʻgʻri ushlashga yordam beradi. Ayengar yoʻnalishi ixcham boʻlmagan, kam harakat odamlar uchun mos keladi.
  4. Bikram yoga ("issiq yoga"). Bu yoʻnalish issiq va nam sharoitda bajariladigan amaliyotga asoslangan. Xonadagi havo harorati 38-40°C dan past boʻlmasligi kerak. Bikram yoga mashgʻulotlari tanadan toksinlarni chiqarib tashlashga, shuningdek, samarali vazn yoʻqotishga yordam beradi. Ushbu texnika hamma uchun ham mos kelavermaydi.
  5. Ashtanga yoga. Bu zamonaviy yoga turi boʻlib, u juda dinamik. Standart pozalar bir-biri bilan tez-tez oʻzgarilib tursa-da, ba’zi pozalar toʻplami doimo ma’lum bir ketma-ketlikda bajariladi. Ushbu turdagi yoga ozish va tananing chidamliligini oshirish imkonini beradi. Ashtanga yoga yosh, sogʻlom odamlar uchun ma’qul keladi. Salomatlik tomonidan qandaydir muammolar boʻlganda juda ehtiyot boʻlish kerak, aks holda oʻzingizga zarar yetkazishingiz mumkin.
Oldingi Keyingi