Yugurish nima uchun foydali?
Yugurish jismoniy faoliyatning eng oddiy va eng oson turlaridan biridir. Yugurish bilan hamma — professional sportchilar, yangi sport havaskorlari, bolalar va kattalar shugʻullana oladi.
Koʻpchilik yugurishdan faqat kardio mashqlar yoki kuch mashqlaridan avvalgi mushaklarni qizdirish sifatida foydalanadi, bunda ular oddiy yugurish mashqlarining qanchalik afzalliklarga ega ekanligini toʻliq anglamaydilar. Yugurishga e’tiborsiz qarash kerak emas! Yugurishning bir nechta afzalliklari bor.
- Immunitetni mustahkamlaydi.
Agar siz tez-tez shamollasangiz, yugurish siz uchun eng yaxshi doʻst boʻladi. Yugurish (ayniqsa salqin havoda) tanangizni chiniqtiradi va uni mikroblarga chidamli qiladi.
- Qon aylanishini yaxshilaydi.
Muntazam yugurish mashqlari qon tomirlarining devorlarini mustahkamlaydi va ularning tonusini oshiradi, shuningdek, qon bosimini normallashtiradi — bunda qon bosimi yuqori yoki past boʻlishining farqi yoʻq. Yana, bunday kardio mashqlar paytida yurak mushaklari kuchayib mustahkamlashadi.
- Boʻgʻinlarni mustahkamlaydi.
Yugurish mashqlari tizzalarni “oʻldiradi” degan fikr bor, lekin aslida unday emas. Aksincha, agar toʻgʻri yugursangiz va organizmga yuklanishni asta-sekin oshirsangiz, muntazam yugurish boʻgʻinlarni mustahkamlaydi.
- Diqqatni toʻplashni va xotirani kuchaytiradi.
Yugurish bilan shugʻullanuvchilar diqqatini tezroq jamlay olishi va vazifani samaraliroq bajarishi, e’tibori yuqoriroq boʻlishi isbotlangan. Yugurish xotirani ham yaxshilaydi!
- Nafas olish tizimini mustahkamlaydi.
Yugurish paytida oʻpka intensiv ishlaydi va tanani unga kerakli kislorod bilan toʻldiradi. Muntazam yugurish natijasida oʻpkangiz kuchliroq boʻladi va ularning hayotiy (nafas olish) hajmi ortadi.
- Chidamlilikni yaxshilaydi.
Yugurish uchun chidamlilik zarur ekanligi hech kimga sir emas. Har bir yugurishdan keyin tanangiz oʻz imkoniyat chegaralarini kengaytiradi va kardio mashgʻulotlariga koʻproq tayyor boʻladi. Bu degani, yuragingiz va oʻpkangiz yaxshiroq ishlaydi va siz kuchli, chidamli boʻlasiz.
- Mushaklarni kuchaytiradi.
Yugurish paytida kishining deyarli barcha (ya’ni, 600 dan ortiq!) mushaklari ishtirok etadi. Ya’ni, yugurish paytida siz nafaqat oyoqlaringizni, balki bel, qorin va hatto qoʻl mushaklaringizni ham mashq qildirasiz. Bundan tashqari, yugurish paytida mushaklar choʻziladi va egiluvchan boʻladi.