Birinchi svetoforlar qanday paydo boʻlgan?
Mashinalar boʻlmagan paytlarda shahar koʻchalari va yoʻllar boʻylab ot-aravalar va shu kabilar harakatlanar edi. Lekin shunday shroitlarda ham baxtsiz hodisalar sodir boʻlishi mumkin boʻlgan. Piyodalar xohlagan joylaridan yurar edilar, chunki hali yoʻl harakati qoidalari boʻlmagan.
Koʻchalarda va yoʻllarda hech qanday avariyalar boʻlmasligi va piyodalar hayotiga xavf tugʻdirilmasligi uchun tartib yaratish zarur boʻlib qoldi.
Birinchi svetofor 1868-yil 10-dekabr kuni Londonda Buyuk Britaniya parlamenti binosining yaqinida oʻrnatildi. Uning ixtirochisi J.P.Nayt temir yoʻl semaforlari boʻyicha mutaxassis boʻlgan. U juda sodda, qizil va yashil rangli ikkita disk va oʻq shaklida edi. Biror kishi svetoforni boshqarar, u shunchaki oʻqni bir rangdan ikkinchisiga oʻtkazardi va yoʻl foydalanuvchilari unga qarab harakatlanishni yoki bir joyda turishni bilar edilar.
Ammo ikkita rangli svetofor noqulay boʻlib chiqdi, chunki odamlar qaysi vaqtda harakat qilishni boshlashlari mumkinligini tushunishga ulgurmasdilar. Koʻpincha chalkashliklar yuzaga kelardi.
Svetafor kechasi aylanadigan gaz chiroq yordamida yoritilgan va uni qoʻllagan holda navbati bilan qizil va yashil signallar berilgan. 1869-yil 2-yanvarda svetofor portlab, navbatchi politsiyachini jarohatlagan.
Faqat yigirmanchi asrning boshlarida – 1912-yili Amerikada elektr toki yordamida ishlaydigan ilk avtomatik svetoforni Lester Vayr yaratgan. Unda ikkita rang - pastda yashil chiroq va yuqorida qizil chiroq boʻlgan.
1920 yilda uchta rangli svetoforni amerikalik ixtirochi William Potts yaratgan. Uchinchi rang sariq boʻlib, oraliq rangga aylandi va “Diqqat qiling!” ma’nosini anglatdi. Bunday svetofor ustunga oʻrnatilardi. Uning ishlashi uchun zanjir yordamida qizil, soʻng sariq, keyin yashil rangli diskni koʻtaradigan odam ham kerak boʻlgan.