Piyoda oʻzi kim?
Piyoda - transport vositasidan tashqarida boʻlgan va yoʻlda biron-bir yumush bilan band boʻlmagan shaxs.
Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yoʻlkasidan, ular boʻlmaganda esa yoʻl yoqasidan (yoʻl yoqasi - yoʻlning qatnov qismiga u bilan bir sathda bevosita tutashgan qoplama turi bilan farq qiladigan yoki yoʻl chizig’i yordamida ajratilgan, toʻxtash va toʻxtab turish uchun moʻljallangan boʻlagi) yurishlari kerak.
Hajmi katta yuklarni olib ketayotgan piyodalar, shuningdek nogironlarning dvigatelsiz aravasida harakatlanayotgan shaxslarning trotuar yoki piyodalar yoʻlkasidan harakatlanishi boshqa piyodalarning harakatlanishiga xalaqit berayotgan boʻlsa, ular qatnov qismining chetidan harakatlanishlari mumkin.
Trotuar, piyodalar yoʻlkasi, yoʻl yoqasi boʻlmasa yoki ulardan yurishning imkoniyati boʻlmagan hollarda piyodalar velosiped yoʻlkasidan yoki qatnov qismining chetidan (ajratuvchi boʻlagi bor yoʻllarda qatnov qismining tashqi chetidan) bir qator boʻlib yurishlari mumkin.
Qatnov qismining chetida harakatlanayotgan piyodalar transport vositalarining harakatiga qarama-qarshi yoʻnalishda yurishlari kerak. Nogironlarning dvigatelsiz aravasida harakatlanayotgan, mototsikl, moped, velosiped yetaklab ketayotgan shaxslar esa bunday hollarda transport vositalarining harakat yoʻnalishi boʻylab yurishlari kerak.
Piyodalar yoʻlkasida, trotuarda, yoʻl yoqasida piyodalarning harakatlanishiga xalaqit beradigan qurilma va toʻsiqlar oʻrnatish taqiqlanadi.
Piyodalarning tashkiliy jamlanmasiga yoʻlning qatnov qismida bir qatorda toʻrt kishidan ortiq boʻlmasdan, faqat transport vositalarining harakat yoʻnalishi boʻylab oʻng tomondan yurishga ruxsat etiladi.
Bolalar guruhini trotuarlar va piyodalar yoʻlkalaridangina, ular boʻlmaganda esa yoʻl yoqasidan faqat kunduzi va katta yoshdagilar kuzatuvida olib yurishga ruxsat etiladi.
Piyodalarga koʻrinadigan oraliqda oʻtish joyi yoki chorraha boʻlmasa, ajratuvchi boʻlaksiz va toʻsiqsiz yoʻllardan yoʻlning ikki tomoni yaxshi koʻrinadigan joyidan, qatnov qismining chetiga nisbatan toʻg‘ri burchak ostida kesib oʻtishlariga ruxsat etiladi.
Yoʻl harakati tartibga solingan joylarda piyodalar tartibga soluvchining yoki piyodalar svetoforlarining, ular boʻlmaganda esa transport svetoforlarining ishoralariga amal qilishlari kerak.