Xavfsizlik kamari - haydovchi va yoʻlovchini himoya qilvuchi eng samarali vosita
Zamonaviy yuqori texnologiyalar davrida dunyoda hamma narsa “yorugʻlik tezligida” rivojlanmoqda. Lekin, shunga qaramay, xavfsizlik kamari bir necha oʻn yilliklardan beri avtomobilda ketayotgan odamlarni himoya qiladigan eng samarali vosita boʻlib qolmoqda. Shu paytgacha avtomobil avariyalaridan omon qolgan insonlarning 70 foizini aynan xavfsizlik kamari qutqarib qolgan. Jahon statistikasi shuni koʻrsatadiki, kamardan foydalanish haydovchining vafot etish ehtimolini old tomondan toʻqnashuvda 2,3 barobarga, yon tomondan toʻqnashuvda 1,8 barobarga va agʻdarilganda 5 barobarga kamaytiradi.
Xavfsizlik kamarlari aviatsiyada 100 yildan beri va avtomobillarda esa yarim asrdan koʻproq vaqt davomida qoʻllanilib kelinmoqda. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar xavfsizlik kamarini takomillashtirish uchun milliardlab pul sarflaganlar. Kamarlar boshida bel qismiga taqilgan boʻlib, keyinchalik rivojlanib, oʻzgarib borgan: inqilobiy uch nuqtali kamarlar, keyin gʻaltak boʻlib oʻraluvchi inertsion kamarlar, soʻng baland-pastligi sozlanadigan turlari, songʻra pirotexnikali tortilib turuvchi turi, keyin tortilish kuchini chegaralovchi mexanizmi bor kamarlar va nihoyat, xavsizlik yostiqchasi bilan birga ishlatiladigan turlari. Afsuski, koʻpchilik uchun kamardan foydalanish yoki foydalanmaslik hali ham ochiq masala boʻlib qolmoqda, chunki avtomobil haydovchilari orasida kamarlar haqida koʻplab notoʻgʻri ma’lumotlar va uydirmalar mavjud.
Butun dunyoda avtomobillashtirishning oʻsishi baxtsiz hodisalar va haydovchilar hamda yoʻlovchilar orasida jarohatlar sonining koʻpayishiga ham olib keldi. Kamarlar va bolalar uchun moʻljallangan ushlab turuvchi uskunalar esa, xavfli toʻqnashuvda haydovchi va yoʻlovchi hayotini saqlab qolish va jarohat oldini olishning sinalgan usulidir. Shuning uchun avtotransportdan foydalanganda haydovchi va barcha yoʻlovchilar kamarlarni toʻgri taqib olishlari lozim.
Kamarlar va bolalar oʻrindiqlari xavfsizlikni oshirivuchi moslamalar hisoblanadi. Lekin, avtomobilda oʻrnatilgan boʻlishiga qaramasdan hamma haydovchilar va yoʻlovchilar ham ulardan foydalanaverishmaydi.