Машина.png

Xavfsizlik kamarlari haqidagi afsonalar

Eng achinarlisi shundaki, ba’zi haydovchilar ushbu himoya vositasi haqida uydirma afsonalarga ishonishadi. Keling, ana shunday uydirmalarning eng keng tarqalganlarini tahlil qilaylik.

Baxtsiz voqea sodir boʻlgan taqdirda, kamar mashinadan tezda chiqib ketishga toʻsqinlik qiladi, masalan, yonayotgan yoki choʻkayotgan avtomobildan.

Ushbu turdagi baxtsiz hodisaning sodir boʻlish ehtimolini katta deb hisoblash qiyin. Ammo, haqiqatan ham eski dizayndagi kamarlarda odam oʻralashib qolish ehtimoli mavjud edi, zamonaviy inertsial kamarlarni esa tugmachasini bosib osonlik bilan yechib tashlash mumkin.

Past tezlikda ketayotganda xavfsizlik kamarini taqish shart emas.

Ha, soatiga 30 km tezlikdagi toʻqnashuvda siz halok boʻlmasligingiz mumkin, ammo jiddiy jarohat olish xavfi mavjud. Agar roʻparadan kelayotgan mashina ham shu tezlikda kelsa-chi? Soatiga 50 km tezlikdagi toʻqnashuvda kamar taqmagan haydovchi boshi bilan old oynani sindirib, oʻnta holatdan toʻqqiztasida vafot etadi.

Kamar taqqan odam yosh bolani qoʻlida ushlab ketishi mumkin.

Hatto soatiga 30 km tezlikdagi toʻqnashuvda ham, 7 kilogramm vaznli chaqaloq kattalarning qoʻlidan sirgʻalib chiqib ketishi aniq, chunki bu payt bolaga 135 kilogramm kuch ta’sir qiladi. Bunday massani ushlab turishning iloji yoʻq.

Qisqa masofaga haydaganda kamar kerak emas.

Yana oʻsha statistik ma’lumotlarga koʻra, 75% hollarda haydovchining yoʻlda oʻlimi uning uyidan 40 kilometr masofa oraligʻida sodir boʻladi. Hatto qoʻshni koʻchaga mashina haydab borish ham avariya xavfini tugʻdiradi. Odamlar bor-yoʻgʻi 10 metr yurib avariyaga uchragan holatlar ham boʻlgan.

Avtomobilning orqa oʻrindigʻida oʻtirgan yoʻlovchilar kamar taqishlari shart emas.

Bunday holatda kamar taqmaslik mashinadagi qolgan insonlar uchun ham xavflidir. Orqa oʻrindiqdan otilib kelgan yoʻlovchi, xatto u yosh bola boʻlsa ham, oldindagi haydovchining oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin. Undan tashqari, mashina agʻdarilib ketishi mumkinligini ham unutmang — bunday vaziyatda kamarga muqobil narsaning oʻzi yoʻq.

Mashinaning eng xavfsiz joyi haydovchining orqasida.

Kimlardir haydovchining orqasida oʻtirganda, kamarni taqish shart emas deb oʻylashadi. Baxtsiz hodisalar statistikasi buni haqiqatan ham tasdiqlaydi. Orqa oʻrindiqning oʻrtasida oʻtirish boshqa oʻrindiqlarga qaraganda 16% ga xavfsizroq. Lekin buning bitta sharti bor: yoʻlovchi xavfsizlik kamarini taqqan boʻlishi kerak. Aks holda, old qismdan berilgan zarbada old oynadan uchib ketish ehtimoli maksimal darajada boʻladi.

Baxtsiz hodisa sodir boʻlganda, mashina ichida qolgandan koʻra otilib chiqib ketgan ma’qul.

Baxtsiz hodisada eng katta xavf — bu salonning ichki elementlariga urilish. Agar yoʻlovchilar xavfsizlik kamarini taqmasalar, hushidan ketishi yoki oʻlimga olib keladigan jarohatlar olishlari mumkin. Bunday paytda odam kabinaning qaysi tomoniga qarab otilib ketishining ahamiyati yoʻq.

Xavfsizlik kamari baxtsiz hodisa sodir boʻlganda odamga shikast yetkazishi mumkin.

Kamar, albatta, shikastlanishga olib kelishi mumkin, lekin bu faqat bir turdagi jarohat boʻladi. Bu umurtqaning boʻyin qismi jarohatidir, chunki mashina keskin toʻxtaganda odam tanasi inertsiya ta’sirida oldinga qarab harakatlanishda davom etadi. Kamar, shuningdek, kuyishga olib kelishi yoki balandligi notoʻgʻri sozlangan boʻlsa, oʻmrov suyagini sindirishi mumkin. Bu koʻpincha bolalarga kattalar uchun moʻljallangan xavfsizlik kamarini taqqanda sodir boʻladi. Biroq, bu kabi oqibatlarni xavfsizlik kamarlari himoya qiladigan jiddiy jarohatlar bilan solishtirib ham boʻlmaydi.

Xavfsizlik kamarlari noqulay.

Bunday deyish xuddi “qoʻl bilan ovqat yeyish qoshiq bilan yeyishdan yaxshiroq, chunki keyin qoshiqni yuvish shart boʻmaydi” deyishga oʻxshaydi. Darhaqiqat, mashinada xavfsizlik kamarini taqish odatini bolalikdan tarbiyalash kerak. Shunday qilinsa odamda, aksincha, kamar taqmagan paytlari psixologik noqulaylik hissi paydo boʻladi.

Oldingi Keyingi