Ekologiyaga yordam beradigan oddiy narsalar (va ular, albatta, sizning qoʻlingizda)
Sayyoraga yordam berish uchun elektr energiyasidan voz kechish va zudlik bilan velosipedga oʻtish shart emas (garchi bu mumkin boʻlsa ham). Shunchaki odatlarni ozgina oʻzgartirishning oʻzi kifoya. Nima uchun axlatni saralash kerakligidan boshlaylik. Chiqindilarning bir qismi, masalan, qogʻoz va karton atrof-muhitga zarar yetkazmasdan tezda yoʻq boʻladi, ya’ni chiriydi. Ammo polietilen, plastmassa va plastik parchalanishi uchun 400 yil kerak boʻladi (shishaga esa 1000 yil!). Shuning uchun ikkinchi turdagi chiqindilar qayta ishlashga yuboriladi va ulardan yangi mahsulotlar tayyorlanadi. Masalan, 670 dona pivo shishasidan bitta velosiped yasash mumkin. Shu bilan birga, qayta ishlangan materiallardan velosiped yaratish jarayonida energiya iste’moli an’anaviy ishlab chiqarishga qaraganda ancha past boʻladi.
Suvni oʻchiring (tishlaringizni yuvishda, sochingizni olishda yoki idishlarni yuvishda). Ya’ni deyarli suv kerak boʻlmagan barcha holatlarda suvni oʻchirib qoʻying. Siz tish pastasi solingan tyubikdan tish chyotkangizga pasta chiqarar ekansiz, bir daqiqaning oʻzida rakovinaga 10 dan 20 litrgacha suv oqib ketadi. Shu sababli tishlaringizni yuvish paytida stakanga suv oling, bu suvni ancha tejaydi.
Doʻkonga oʻz paketingiz yoki sumkangiz bilan boring. Boshqalar sizni ustingizdan kulishi va sizni qariya deb kalaka qilishi mumkin. Ammo endi siz plastmassa eng uzoq vaqt parchalanadigan chiqindilardan biri ekanini bilasiz (qolaversa paketlar ham shunaqa qimmat boʻlib ketganki, kasodga uchrash hech gap emas!). Eng ekologik variant bu matoli sumkalar.
Qogʻozning har ikki tomoniga chop eting. Ikki tomonlama bosib chiqarish nafaqat pulni, balki resurslarni ham tejaydi. Bitta A4 varagʻini olish uchun taxminan 70 gramm yogʻoch kerak boʻladi. Uyda resurslarni tejash uchun printer sozlamalarini avtomatik sozlash sifatida har ikki tomonda chop etishni sozlashdan boshlashingiz mumkin.
Keling, birgalikda atrof-muhitni asraymiz!