Бутылки.png

Plastik: buyuk kashfiyotmi yoki sekin portlovchi bomba?

Tasodifan oyoqlaringiz ostiga plastik suv idishini tushirib yuborar ekansiz, “olimlar plastikdek materialni ixtiro qilgani qanchalik yaxshi”, deb oʻylab xursand boʻlasiz. Axir, agar u boʻlmasa, pol suyuqlik bilan toʻlgan idishdan xoʻl boʻlar edi, siz esa oʻtkir shisha parchalarini bosib olishingiz mumkin boʻlardi.

Tasavvur qiling siz koʻchaga chiqdingiz va oʻzingiz bilan plastik idishda mineral suv olib bordingiz. Bir necha soatdan keyin undagi suvni ichib boʻlasiz va keraksiz plastmassani tashlab yuborish mumkin. Ammo muammo shundaki, atrofda hech qanday ahlat idishi yoʻq va “shu idishni bu yerga tashlab yubora qolay — ertami kechmi plastmassa chirib yoʻq boʻlib ketadi”, degan fikr hayolingizga keladi. Lekin mas’uliyatli va aqlli odam hech qachon bunday qilmaydi. Organik materiallar, masalan, yogʻoch tuproqqa koʻmib qoʻyilsa, tezda chiriydi va bakteriyalar tomonidan kompostga aylanadi. Ammo plastmassaga kelsak, bakteriyalar uning parchalanishiga yordam bera olmaydi.

Tashlangan plastik idish abadiy chirib yotishi mumkindek tuyulsa-da, bunday emas. Bakteriyalar yordam bermasa ham, quyosh nurlari uni chirishiga yordam beradi. Ultrabinafsha nurlari plastmassaning molekulyar tuzilishini yoʻq qiladi, asta-sekin plastik idish kichik koʻkimtir plastik qismlarga maydalanadi. Ayniqsa, bu plastik idishlar va plastik paketlar yigʻilib orolchaga aylanib qolsihi okeanning ayrim qismlarida kuzatiladi. Ekologlar, agar bunday “orol” ga yangi axlat kelib qoʻshilmasa, vaqt oʻtishi bilan uning kamayib borishini kuzatganlar. Toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari tushganda odatiy plastik idishi taxminan bir yil ichida chirishi aniqlangan.

Balki hozir yengil nafas olib, plastikning parchalanishi muammosi hal qilindi deyotgandirsiz? Unday emas. Plastiklarda mavjud boʻlgan zararli moddalar hech qayerga ketmaydi. Okean yuzasida tarqalgan plastik moddalar oʻzidan zaharli moddalarni chiqaradi(masalan, bisfenol — onkologik kasalliklarga olib keladi). Bu moddalar pastga tushib, dengiz mavjudotlarining jabralariga yopishadi va ularni zaharlaydi.

Plastik idish va paketlarsiz zamonaviy dunyo endi oʻz hayotini tasavvur qila olmaydi, ammo atrof-muhit ifloslanishi muammosini eng qisqa vaqt ichida hal qilish kerak. Eng istiqbolli gʻoya — plastik idishlar ishlab chiqarish uchun tabiiy mahsulotlardan foydalanish. Ushbu usulning afzalliklari aniq: masalan, makkajoʻxori kraxmalidan tayyorlangan plastik paket atigi yarim oy ichida chiriydi.

Yangi texnologiyalar kirib kelishiga qadar har birimiz bu ishda oʻz hissamizni qoʻshishimiz mumkin. Buning uchun plastik idish yoki paketni duch kelgan joyga emas balki plastik uchun moʻljallangan joyga tashlashning oʻzi kifoya.

Oldingi Keyingi