Har qanday immunitet pasayishini OITS deb atash mumkinmi?
Yoʻq, OITS deb faqat immun hujayralarining sonini minimal darajaga tushib, immunitetning jiddiy zarar koʻrishiga aytiladi. OIV tufayli yuzaga keladigan immunitetning oʻzgarishi oʻz xususiyatiga ega boʻlib, bunday holat boshqa kasalliklarda juda kam uchraydi.
Odatda immunitetning pasayishi virusli va bakterial infeksiyalarda, surunkali jarayonlarda, stress holatlarida, yosh kattalashganda, endokrin kasalliklarda yuzaga keladi. Tugʻma immunitet tanqisligi, oʻsimtalar, radiatsiya va toksik kimyoviy moddalar ta’sirida immunitetning keskin tushishi kuzatiladi.
Maxsus immunologik tadqiqotlar (immunogramma) immunitet tizimida qanchalik oʻzgarishlar roʻy berganini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, kuzatilayotgan kasallik chindan ham immunitetning kuchli pasayishi, ya’ni immunitet tanqisligi bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligini aniqlashga imkon beradi.