Nima uchun OIV virusi inson qonida 6 oygacha aniqlanmaydi?
Kasallikning inkubatsion davri — kasallikdan shubhalanadigan hech qanday alomatlar bo‘lmaydigan davr. Har bir kasallikda uning alomatlari butunlay har xil bo‘lishi mumkin. Uni aniqlash bir necha soatdan, 2-3 kun yoki 1 oygacha (masalan, gripp virusi, suvchechak va COVID-19) vaqtni talab qiladi. Biroq, OIV virusi nafaqat simptomatik tarzda organizmda (tanada) yashirinish, ya’ni kasallik belgilarini ko‘rsatmaslik, balki inson qonida ham aniqlanmaslik qobiliyatiga ega.
Inkubatsion muddat 2 haftadan 6 oygacha yoki undan ko‘proq (1 yilgacha) davom etadi. Ushbu davrda limfositlarda OIVning faol ko‘payishi sodir bo‘ladi, ammo kasallikning klinik ko‘rinishi hali mavjud bo‘lmaydi va qondagi antitanachalar laboratoriya tekshiruvida aniqlanmaydi. OIVga qarshi antitanachalar infeksiyadan keyin o‘rtacha 3-6 oy ichida ishlab chiqariladi. Virus allaqachon organizmda (tanada) bo‘lgan va antitanachalar ularni aniqlash uchun yetarli miqdorda ishlab chiqilmagan vaqt “oyna davri” deb ataladi. Ushbu davrda laboratoriya tekshiruvi salbiy natija berishi mumkin.
Agar kasallanish xavfi mavjud bo‘lsa, tekshiruvdan bir necha marotaba o‘tish kerak: xavfli vaziyatdan so‘ng darhol, 1.5 oy, 3, 6 va 12 oydan keyin.
OIV ko‘rigidan mamlakatdagi istalgan poliklinikada yoki ixtisoslashtirilgan OITSga qarshi kurash markazlarida o‘tish mumkin.