OITS nima?
OITS — bu OIV infeksiyasi rivojlanishining soʻnggi bosqichidir. OITS — orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi.
Sindrom esa kasallikning bir-biriga mutanosib bir necha belgilarining yigʻindisini anglatadi.
Orttirilgan — kasallik tugʻma emas, balki hayot davomida rivojlanganligini bildiradi.
Immunitet tanqisligi — organizmning turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchanlik xususiyatining susayishi.
OIV infeksiyasi — sekin-asta immunitet tizimini zararlab, organizmning infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini susaytiradi. Ma’lum bir davrga kelib, organizmning infeksiyalarga qarshi kurashuvchanlik xususiyati shu darajada pasayadiki, OIV yuqtirgan inson boshqalar kasallanmaydigan turli infeksion kasalliklarga beriluvchan boʻlib qoladi va shu vaqtdan boshlab OIV infeksiyasi OITS bosqichiga oʻtadi.
OIV infeksiyasi yuqishining 3 ta yoʻli mavjud:
- Qon orqali:
- qon yoki uning komponentlarini quyishda va a’zolar koʻchirib oʻtkazilganda;
- ishlatilgan shprits yoki ignadan foydalanganda;
- nosteril tibbiyot va tatuaj anjomlaridan foydalanganda;
- OIV bilan zararlangan insonning shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanganda (tish choʻtkasi, manikyur anjomlari va soqol olish vositalari kabilar).
- Jinsiy yoʻl orqali:
- himoyalanmagan jinsiy aloqa orqali.
- Onadan bolaga:
- homiladorlik vaqtida;
- koʻkrak bilan boqish davrida;
- tugʻruq vaqtida.