OIV infeksiyasi organizmda qanday rivojlanadi?
OIV ning yashirin davri qanday boʻladi?
Virus bilan zararlangandan to kasallikning birlamchi belgilari paydo boʻlgunicha oʻtgan davr 2 haftadan 6 oygacha va undan ortiq davom etishi mumkin. Bu davrda virusni test orqali aniqlash qiyin, ammo OIV infeksiyasi zararlangan odamdan sogʻlom odamga yuqishi mumkin.
OIV ning birlamchi belgilari qanday boʻladi?
Bu davr simptomsiz (hech qanday belgilarsiz) ham kechishi mumkin. Ba’zan tana harorati koʻtarilishi, limfa tugunlari kattalashib qolishi, stomatit, faringit, diareya, toshma toshishi, taloq oʻlchamining kattalashishi, ensefalit (bosh miya shamollashi) kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Bu davr odatda bir necha kundan 2 oygacha davom etishi mumkin.
Latent davri – kasallikning belgilarsiz kechish davri.
Bu davrda kasallik hech qanday belgi orqali namoyon boʻlmasligi mumkin, ammo OIV koʻpayishda davom etadi (qonda OIV miqdori ortadi) va organizm kerakli T-limfotsitlarni (kasallik qoʻzgʻatuvchi hujayralarni aniqlab, ularga qarshi kurashadigan maxsus hujayralar) ishlab chiqara olmaydi, ularning miqdori sekin-asta kamayib boradi. Latent davr 2-3 yildan 20 yilgacha, oʻrtacha 6-7 yil davom etishi mumkin.
Ikkilamchi kasalliklar davri.
OIV virusi miqdorining qonda faol koʻpayishi va T-limfotsitlarning keskin kamayishi natijasida bemorda immunitet tizimi qarshilik koʻrsata olmaydigan turli “opportunistik” kasalliklar (immunitet tizimi faoliyatining susayishi natijasida organizmda mavjud, sogʻlom odamda kasallik keltirib chiqarmaydigan virus, bakteriya va zamburugʻlar ta’siri natijasida rivojlangan kasalliklar) yuzaga kela boshlaydi.
Terminal davr (OITS)
OIV infeksiyasining oxirgi va yakunlovchi bosqichi. Bu davrda himoya hujayralari – T-limfotsitlar miqdori keskin kamaygan boʻladi. Immunitet tizimi infeksiyalarga qarshi kurasha olmaydi va ular organizmni tez ishdan chiqaradi. Virus va bakteriyalar hayot uchun muhim a’zolarni (suyak-mushak, nafas, hazm qilish tizimi, bosh miyasi) zararlaydi. Bemor “opportunistik” kasalliklar keltirib chiqargan asoratlar natijasida halok boʻladi. Bu davr 1-3 yil davom etishi mumkin.
Kasallik terminal bosqichiga oʻtmasligi uchun nima qilish kerak?
OIV statusni aniqlash uchun vaqtida tekshiruvdan oʻtish kerak.
Tekshiruv haqida ma’lumot olish uchun http://med.uz/spid/info/ ilovasiga oʻting.