OIV infeksiyasining dastlabki belgilari
OIV infeksiyasining birinchi alomatlari zararlanishdan ikki-toʻrt hafta oʻtgach oʻzini namoyon qilishi mumkin. Koʻpchilik zararlangan odamlar shamollash alomatlarini his qilishadi: isitma, tomoq ogʻrigʻi va qizarishi, ortiqcha terlash, mushaklarda ogʻriq va zaiflik, bosh ogʻrigʻi, toshma toshishi. Ushbu alomatlar paydo boʻlmasligi ham mumkin.
Infeksiya immun tizimi ishini zaiflashtirgani sari, zararlangan odamda limfa tugunlarining shishishi, vazn yoʻqotish, sababsiz isitma, diareya va yoʻtal kabi boshqa belgilar va alomatlar ham paydo boʻlishi mumkin.
Koʻpchilikda yuqoridagi alomatlar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi va OIV infeksiyasi bir necha yil davomida oʻzini namoyon qilmaydi. Ba’zi bemorlar 10 yildan ortiq hech qanday belgilarsiz yashashlari mumkin. Oʻz kasalliklari haqida esa, tasodifan, rejalashtirilgan jarrohlik yoki salomatlik haqida ma’lumotnoma olish uchun shifokorga murojaat qilganda bilib qolishadi.
Simptomlarga koʻra OIV infeksiyasi mavjudligini dastlabki bosqichlarda aniqlash juda qiyin. Ularni boshqa kasalliklar bilan osongina adashtirish mumkin. Shuning bois bu bosqichdagi odamlar eng yuqumli hisoblanadi.
Dastlabki bosqichlarda OIV infektsiyasining mavjudligini faqat laboratoriya tekshiruvlari yordamida aniqlash mumkin.