Qanday qilib OIV tashxisi bilan uzoq va baxtli hayot kechirish mumkin?
OIV bilan zararlangan insonning hayoti, sogʻlom inson hayotidan bir munca farq qilsada, agar OIV qonda erta aniqlanib, toʻgʻri va oʻz vaqtida davolansa, yaqinlarining qoʻllab-quvvatlashlari bilan uzoq va toʻliq hayot kechirishi mumkin.
Retrovirusga qarshi davo chorasi - OIV bilan kasallangan odamlarga boshqa zararlanmagan insonlar kabi sifatli va uzoq umr koʻrish imkoniyatini beradi.
Retrovirus terapiyasining asosiy maqsadi OIV bilan yashayotgan odamlarning sogʻligʻini saqlab qolishdir. Retrovirus terapiyani boshlagandan soʻng, virus yuklamasini (virusning qondagi miqdori) muntazam ravishda kuzatib borish lozim. Virus yuklamasining past darajada boʻlishi yoki aniqlanmasligi davoning samarali kechayotgani va virus koʻpaymayotganligini anglatadi. Virus yuklamasi minimal darajaga tushganda, odamda virus yuqtirish xavfi keskin kamayadi.
Bundan tashqari, bugungi kunda tibbiyot OIVni onadan bolaga oʻtishini oldini olish haqida juda koʻp ma’lumotga ega. OIV musbat ayollar sogʻlom, OIV bilan zararlanmagan farzandni dunyoga keltira oladi.
OIV infeksiyasi jiddiy va hayot uchun potentsial xavfli surunkali yuqumli kasallikdir. Shunday boʻlsa-da, kasallik bilan koʻp yillar davomida uzoq yashash mumkin. Ammo bu hayotni qanchalik toʻliq va maroqli kechishi har bir insonning oʻziga bogʻliq.