Tatu salonda OIVni yuqtirib olish mumkinmi?
Ha, tatu salonida OIVni yuqtirib olishingiz mumkin. Nafaqat tatu salonida, balki qosh va koʻzlarni dekorativ tatuaj qiladigan joylarda ham infeksiya yuqishi mumkin. Salonlarda yuqish ehtimoli unchalik yuqori boʻlmasa-da, lekin mavjud ekanligini unutmaslik lozim.
Tatuirovka qilinayotgan paytda terida koʻplab yarachalar paydo boʻladi. Ular infeksiyalarning organizmga kirishi uchun ochiq eshiklar boʻlib xizmat qilishi mumkin. OIV infeksiyasidan tashqari, gepatit kasalligi ham yuqishi mumkin.
Agar siz tatuirovka qilishga qat’iy qaror qilgan boʻlsangiz, unda birinchi navbatda toʻgʻri salonni tanlashga ahamiyat bering. Doʻstingizning uyida yoki sterillik masalasi shubha tugʻdiradigan joyda tatuirovka qildirmang. Tatuirovka yoki tatuaj qilishda barcha xavfsizlik choralariga rioya qiladigan, tekshirilgan va rasmiy boʻlgan joylarga murojat qiling.
Tatu salonlarida barcha igna va asboblar har bir mijozdan keyin sterilizatsiyalanishi lozim. Bir marta ishlatiladigan asboblardan foydalanish undan ham yaxshidir.
Bundan tashqari, siz hodimdan asbob va ishlaydigan vositalarini qanday sterilizatsiya qiliyotganligi, bir martalik uskunalarni ishlatayotganligi, qoʻlqoplarni qanchalik tez-tez oʻzgartirishi va boshqa tashvish tugʻdiradigan masalalar borasida savol berishingiz yoki koʻrsatib berishini soʻrashingiz mumkin. Qayta tekshirish – uyat emas. Axir, buning barchasi sizning xavfsizligingizga taaluqli.