Diskriminatsiya nima va u nima uchun xavfli?
Diskriminatsiya (kamsitish) – bir xil vaziyat boʻlsa-da, ma’lum bir guruh yoki toifadagi shaxslarga tegishli boʻlgani, yoki qandaydir kamchiligi tufayli bir insonga boshqalarga nisbatan yomonroq munosabatda boʻlish.
Odamlar diskriminatsiyaga yoshi, imkoniyati cheklanganligi, millati, kelib chiqishi, siyosiy qarashlari, irqi, dini, jinsi, tili, madaniyati va boshqa sabablar tufayli duch kelishi mumkin.
Koʻpincha notoʻgʻri qarashlar natijasida yuzaga keladigan diskriminatsiya odamlarni nochor va noqulay vaziyatda qoldiradi, ularning faol fuqaro boʻlishiga toʻsqinlik qiladi, ularning mahoratlarini takomillashtirishlarida, ishga joylashishida, salomatlik, ta’lim yoki uy-joy masalalarida qiyinchiliklar tugʻdiradi.
Quyida diskriminatsiyaning bir qancha turlariga misollar keltiramiz:
Irqiy va etnik kamsitish. Irqchilik bir irqning boshqa irqdan ustunligiga ongli yoki ongsiz ishonishni anglatadi.
Ksenofobiya kabi tushuncha ham bor boʻlib, chet elliklar yoki begona madaniyatdan patologik qoʻrquv, boshqacha aytganda, bu begonalar va chet elliklarni yoqtirmaslikni anglatadi.
Gender (jinsiy) kamsitish. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida ayollar va qizlar huquqlarini cheklovchi qonunlar, qoidalar, urf-odatlar va e'tiqodlar mavjud. Ba'zida ular yosh bolalari borligi yoki homiladorlikni rejalashtirganda diskriminatsiyaga duch keladilar.
Nogironlik tufayli kamsitilish maktabga borish, ishga kirish, oila qurish va bolalarni tarbiyalash, jamiyat hayotida ishtirok etish jarayonlarida namoyon boʻladi. Ularda bu narsalarga erishish imkoniyati nogironligi boʻlmagan shaxslarnikidan ancha kam.
Oʻzbekistonda irqi, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir shaxsning huquqlari Konstitutsiya, qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan kafolatlangan.[1]
Fuqarolarning tengligi va ularni kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsipi Konstitutsiyamizning 18-moddasida mustahkamlab qoʻyilgan: “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.[2]
Diskriminatsiyaga qarshi kurashishni avvalo oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Biz hammamiz teng va bir xil huquqlarga ega ekanligimizni bilish muhimdir. Farzandlarga bolaligidanoq hammaga teng munosabatda boʻlish kerakligini oʻrgatish lozim. Zero, ertaga oʻzingiz ham kamsitish qurboni boʻlishingiz mumkin!