konvensiya.jpg

Konvensiya — men haqimda

“Bola huquqlari to‘g‘risida” xalqaro Konvensiya yaratish g‘oyasi 1959-yil bola huquqlari haqidagi Deklaratsiya qabul qilingandan so‘ng paydo bo‘lgan. Biroq uni tayyorlash jarayoni ko‘p vaqtni talab qildi. Oradan 30 yil o‘tib, 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasida “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilindi.

Konvensiya bola huquqlarini himoya qilishning kafolatlari mustahkamlangan birinchi xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi 1992-yilda mazkur Konvensiyaga qo‘shilib, O‘zbekistonda bola huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha bir qancha xalqaro-huquqiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

Konvensiyaga muvofiq men qanday huquqlarga egaman?

Konvensiyaning birinchi qismida “bola” tushunchasiga aniqlik kiritiladi va uning huquqlari sanab o‘tiladi: yashash huquqi, fuqarolik, o‘z fikrini bildirish, ota-onasi kim ekanini bilish va boshqalar.

Ushbu hujjat zo‘ravonlik va qurolli to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan, shuningdek, qonunni buzgan va muomalaga layoqatsiz bolalarning yuridik himoyasini nazarda tutadi. Shuningdek, unda bolalarni ba’zi bir salbiy hodisalar (giyohvandlik va ruhiy ta’sir etuvchi moddalarni noqonuniy iste’mol qilish, bola savdosi va g‘ayriqonuniy maqsadlarga jalb etib, ulardan foydalanish) kabi ta’sirlardan himoya qilish masalalari ham alohida qayd etilgan.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan har bir mamlakat o‘z milliy qonunchiligini uning qoidalariga muvofiq qayta ko‘rib chiqishlari lozim.

Ilgari bola haqida g‘amxo‘rlik u himoyaga muhtoj bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilar edi. Konvensiya qabul qilinishi munosabati bilan mutlaqo yangi konsepsiya belgilandi. Unda ta’kidlanishicha, g‘amxo‘rlik va himoya bu — muruvvat masalasi emas, balki huquqdir.

Konvensiyaning ikkinchi qismida, uni ratifikatsiya qilgan davlatlar unga qat’iy rioya etish ustidan nazorat tizimi va uning mazmuni haqidagi ma’lumot tartibi belgilab qo‘yilgan. Bola huquqlari bo‘yicha juda keng vakolatga ega bo‘lgan BMT Qo‘mitasini ta’sis etish haqida yo‘riq berilgan.

Konvensiyaning uchinchi qismida uning talablari davlatlar tomonidan qabul qilinishi va rioya etilishining huquqiy jihatlari belgilab qo‘yilgan.

Oldingi Keyingi