Рюкзак.png

Men ta’lim olish huquqiga egaman

Barchaga ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deb belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida (4-moddasi) ham bilim olish huquqi belgilab qo‘yilgan.

“Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi”.

Bilim olish huquqi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;
  • ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;
  • ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o‘qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to‘lov evaziga kasb-hunar o‘rgatish;
  • barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o‘quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo‘lishi;
  • oilada yoki o‘zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish ta’minlanadi;
  • boshqa davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega;
  • Respublikada istiqomat qilayotgan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.

Yurtimizda imkoniyati cheklangan bolalarning ham ta’lim olish huquqi kafolatlangan, ular uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, nogironligi uchun maktablarda qatnab o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalar uchun ham uyda yakka tartibda ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. Shu bilan birga imkoniyati cheklangan bolalarning tengligini ta’minlash va ularga munosib sharoit yaratish maqsadida inklyuziv ta’lim shakllari joriy etilgan.

Oldingi Keyingi