Nega men doim ota-onam bilan janjallashaman?
Bolaligingizda siz hali dunyo haqida koʻp narsa bilmas edingiz va ota-onangiz ertalab nima yeyishingizdan tortib, kechasi qanday pijama kiyishingizgacha hamma narsa ustida siz uchun qaror qabul qilishgan. Ammo oxir-oqibat, siz katta boʻlasiz va nima kiyishingizni oʻzingiz hal qilishni xohlaysiz. Oʻsmirlik — bu oʻz-oʻzini rivojlantirish davri.
Tushunmovchiliklarning sababi nimada?
Siz oʻzgarib, oʻzi qaror qabul qiladigan yangi shaxsga aylanar ekansiz, buni qabul qilish va moslashish ota-onangizga qiyin boʻlishi mumkin. Ular hali sizning yangi shaxsiyatingizga oʻrganmaganlar — ular sizni faqat siz uchun hamma narsani hal qilib berishlariga muhtoj bola sifatida bilishadi.
Aksariyat oilalarda aynan shu moslashuv oʻsmirlar va ota-onalar oʻrtasida janjallarni keltirib chiqarishi mumkin. Siz har kuni maktabdan keyin koʻchada vaqt oʻtkazish yaxshi deb hisoblaysiz, lekin ota-onangiz sizning sport bilan shugʻullanishingizni, koʻproq oʻqishingizni va oilangiz bilan vaqt oʻtkazishingizni xohlashadi.
Ota-onangiz sizni hurmat qilmayotganlari va ularga oʻzingiz yoqtirgan ishni qilish imkoniyatini bermayotganlarini his qilganingiz uchun ulardan jaxlingiz chiqadi, ota-onangiz esa chetda qolishga odatlanmagani uchun sizdan gʻazablanadilar.
Kim bilan doʻst boʻlishingiz haqidagi fikrlar esa yana ham murakkabroq muammolar va tortishuvlarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki ota-onangiz har doim sizni himoya qilishga va yoshingizdan qat’i nazar, sizni asrashga intiladilar.
Bunday vaziyatda nima qilish kerak?
Koʻpgina oilalarda janjal bir qancha vaqt oʻtgach, ota-onalar oʻsmirning oʻsishini qabul qila boshlaganlarida kamayadi. Unga qadar, ota-onangiz bilan oʻzaro hurmat munosabatida boʻlishga e’tibor qarating. Ba’zan ular goʻyo sizning nuqtai nazaringizni tushunmayotgandek tuyulsa-da, suhbatlar va tushuntirishlar barchani xursand qiladigan murosaga erishishga yordam beradi. Misol uchun, agar siz ota-onangizga uy yumushlarida yordam bera olsangiz va oʻsha kuni bir soat kechroq uyga kelishni soʻrasangiz, siz ham, ota-onangiz ham xursand boʻlasiz.
Yodda tutingki, sizning ota-onangiz ham bir vaqtlar oʻsmir boʻlgan, ular sizning nimani boshdan kechirayotganingizni yaxshiroq bilishadi va har qanday vaziyatda yaxshi maslahat berishadi. Ziddiyatli vaziyatlarda gʻazablanmang, muammolarni bartaraf etishga harakat qiling. Yodda tuting, ota-onangiz sizdan xavotirda va sizga faqat yaxshilik tilaydi.