shahmati.jpg

Qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlar nima uchun xavfli?

Kamida bitta umumiy ajdodga ega boʻlgan odamlar oʻrtasidagi nikoh qarindoshlik nikohi yoki qondosh nikoh deb ataladi.

Qarindoshlik nikohi nasl salomatligi uchun qanday xavf tugʻdiradi?

Toʻgʻri javobni genetikaga murojaat qilish orqali bilish mumkin. Har birimiz sogʻlom boʻlsakda, ma’lum bir zararli genlarning tashuvchisi boʻlamiz. Bir nusxada bu genlar odatda xavfli emas. Yaqin qarindoshlar orasida koʻplab genlar bir xil, ya’ni ular (sogʻlom boʻlsa ham) bir xil patologik genning tashuvchisi hisoblanishadi. Shu sababli qarindoshlar orasida tuzilgan nikohda ikkita bir xil zararli genlar uchrashishi mumkin va natijada ular bolada patologiya sifatida namayon boʻladi.

Qarindoshlar oʻrtasida oila qurilganda, irsiy kasalliklarga chalingan, aqli zaif yoki nogironligi bor farzand tugʻilishi ehtimoli ikki baravar ortadi.

Genetik nuqtai nazardan, umumiy ajdodlar qanchalik kam boʻlsa, nasl uchun shuncha yaxshi hisoblanadi.

Yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarda qanday kasalliklar tez-tez uchraydi?

  • Mukovistsidoz – bu kasallikda deyarli har bir organda muammolar yuzaga keladi, lekin asosiy alomatlar nafas olish va ovqat hazm qilish tizimlarida uchraydi. Oʻz vaqtida davolanmasa, nafas olish yetishmovchiligi, jigar sirrozi, qandli diabet va hattoki oʻlimga ham olib kelishi mumkin.
  • Gemofiliya – qon ivishining buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasallik boʻlib, bunda oʻz-oʻzidan yoki kichik jarohatlar tufayli toʻxtovsiz qon ketishi kuzatiladi.
  • Fenilketonuriya – miyaning shikastlanishi bilan kechadigan kasallik boʻlib, u aqliy zaiflik, talvasalar va ruhiy kasalliklarga olib kelishi mumkin.
  • Daltonizm – ranglarni farqlash qobiliyatining qisman yoki toʻliq yoʻq boʻlishi.
  • Bullyoz epidermoliz – har qanday mexanik ta’sir yoki yengil ta’sir tufayli bolaning terisida yoki shilliq pardalarida pufakchalar paydo boʻlishi, terining koʻchishi va ochiq yaralar paydo boʻlishi mumkin boʻlgan kasallik. Ularning sezgir terisini kapalak qanotiga qiyoslagan holda, bunday bolalarni “kapalaklar” deb atashadi.
  • Ixtioz – bu kasallik terining doimiy qurushi, qipiqlanishi, poʻst tashlashi bilan kechadi. Teri baliq tangachalarini eslatadi.

Yuqorida aytib oʻtilgan kasalliklardan tashqari, bola yana bir qator irsiy kasalliklar bilan tugʻilishi mumkin, afsuski ularni bir maqolaga sigʻdirib boʻlmaydi. Shuning uchun yaqin qarindoshingizga turmushga chiqishdan yoki uylanishdan oldin yaxshilab oʻylab koʻring: bemor bola uchun javobgar boʻlishga tayyormisiz?

Oldingi