Balogʻatga yetish davrida bezovtalik va hissiyotga beriluvchanlik normal holatmi?
Inson organizmi haqiqiy moʻjizadir! Agar uning ichini koʻra olish imkoni boʻlganida edi, unda har daqiqada qanday katta oʻzgarishlar yuz berayotganini koʻrgan boʻlardingiz. Masalan, nafas olish, qon aylanishi va hazm qilish. Bu jarayonlarning barchasi bir vaqtning oʻzida millionlab kimyoviy jarayonlarni oʻz ichiga olgan organizmda sodir boʻladi.
Balogʻat yoshida tananing va kayfiyatning oʻzgarishlarini kuzatar ekanmiz, bunga asosiy sababchi gormonlar ekanini tushunamiz. Gormonlar organdan organga ma’lumotni uzatuvchi biologik faol moddalardir.
Buning barchasida miya qanday ahamiyat kasb etadi?
Aslida, bu davrda miya deyarli oʻz imkoniyatlarining chegarasida ishlaydi: oxirgi marta u sizning tugʻilishingizdan oldin, onangizning qornida ekaningizda va hayotingizning dastlabki yillarida bunday keng koʻlamli ishni amalga oshirgan.
Menga nima boʻlyapti?
Sizning kayfiyatingiz va xatti-harakatlaringiz uchun mas’ul boʻlgan miyangizning hududlari hali toʻliq shakllanmagan. Shuning uchun siz yangi his-tuygʻularni boshdan kechirayotganingizda, oʻzingizni yolgʻiz his qilishingiz yoki tushkunlikka tushishingiz mumkin.
Muayyan vaziyatlarga nisbatan munosabatlaringizni boshqarish old miyaning vazifasi hisoblanadi. Ular esa “kattalik” modeliga eng oxirgi boʻlib oʻtishadi. Ya’ni kayfiyatni barqarorlashtirish uchun va ortiqcha hissiyotsiz xatti-harakatlarga erishish uchun koʻp vaqt va mehnat kerak boʻladi.
Shubhasiz, sizni ilgari juda tez jaxlingizni chiqargan va hatto hafa qilgan vaziyatlar endi hecham salbiy koʻrinmaydi va aksincha, ahamiyatsiz tuyilgan narsalar siz uchun juda muhim boʻlib qoladi. Chunki hamma narsa juda tez oʻzgarib boradi!
Hatto oddiy kundalik vaziyatlar sizni qattiq hafa qilishi mumkin. Masalan, sevimli jinsi shimingiz yoʻqolib qolsa, doʻstlaringiz sayrga sizni chaqirishmasa va h.k. Bu kichik narsalar boʻlib koʻringani bilan, miyangiz vaziyatga aralasha olmasa va sizni tinchlantirishga yordam bera olmasa, bunga oʻxshash vaziyatlar juda katta ahamiyatga ega boʻlib qoladi. Lekin bu siz aytgan soʻzlaringiz va harakatlaringiz uchun javobgar emassiz degani emas. Miyangiz va tanangizda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar haqidagi bilim his-tuygʻularingizni nazorat qilishingizga yordam beradi.
Hech qanday holatda oʻzingizni ayblamang! Siz bilan nimadir notoʻgʻri boʻlyapti deb oʻylamang. Eng muhimi, stressni yengillashtirishga yordam beradigan mashgʻulot bilan band boʻlishdir. Buning uchun sayr qilib kelishingiz, doʻstlaringiz bilan suhbatlashishingiz mumkin, hatto gazetani kichik boʻlaklarga yirtib tashlashingiz yoki meditatsiya bilan shugʻullanishingiz ham mumkin.