Bullingdan qanday himoyalanish mumkin?
Agar siz bullingga duch kelayotgan boʻlsangiz, yaʼni maktabda kimdir Sizga nisbatan nojoiz xatti-harakatlar qilayotgan boʻlsa va bu muntazam ravishda takrorlanayotgan boʻlsa, oʻzingizni emotsional charchagan his qilayotgan va bu holatni qanday toʻxtatishni bilmayotgan boʻlsangiz, tushkunlikka tushmang! Quyidagi tavsiyalar sizga yordam beradi. Hammasini toʻgʻrilash mumkin!
- Vaziyat haqida ochiq va ravshan gapiring. Sizni xafa qilayotgan (yoki xafa qilayotganlar) bilan muloqotda vaziyatni oʻz nomi bilan atash muhim. Sizga ularning harakatlari yoqmayotganini bildiring, masalan: «Siz qilayotgan ishlar menga yoqmayapti. Siz bulling bilan shugʻullanyapsiz» deb ayting. Bunda aynan holat haqida gapirish va zinhor uning shaxsiyati haqida salbiy baholar bermaslik muhim. Yaʼni oddiy qoidaga amal qiling: shaxsni baholamang, faqat uning nojoiz xatti-harakatlari haqida ochiq gapiring.
- Kattalardan yordam soʻrashdan qoʻrqmang. Bu uyat emas. Sizga qoʻllab-quvvatlash kerak. Sukut saqlash va yolgʻizlikda azoblanish yaxshi yoʻl emas! Bu holatlar haqida ota-onangizga albatta ayting. Ularda hayotiy tajriba bor, birgalikda chiqish yoʻlini topish osonroqdir. Sinf rahbaringizga yoki oʻzingiz ishongan boshqa pedagogga, maktab psixologiga murojaat qiling va Sizga qiyin boʻlayotganini, oʻzingizni yomon his qilayotganingizni va sinfdoshlaringizning xatti-harakatlarini tazyiq sifatida qabul qilayotganingizni aytib bering.
- Qoʻllab-quvvatlovchi insonlarni izlang. Tan oling, bosimga qarshi yolgʻiz qarshi kurashish qiyin. Ehtimol, sinfdoshlaringiz orasida Sizning haqiqiy tarafingizda boʻlgan va bosim koʻrsatayotganlarning harakatlarini maʼqullamaydiganlar boʻlishi mumkin. Hamjihatlikda qoʻrquv sezilmaydi va bullingga qarshi turish osonroq!
- Muammoni mushtlashish, janjallashish bilan hal qilmang – bu vaziyatdan chiqish yoʻli emas. Jismoniy kuch ishlatish vaziyatni ogʻirlashtirishi va yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- Tazyiq oʻtkazayotgan shaxsning bahonalariga ishonmang. Agar u bunga sizni aybdor qilsa yoki faqat hazil qilayotganini aytsa ham, bu uning xatti-harakatlarini oqlamaydi. Haqoratlar doimo notoʻgʻri, hech kim boshqa insonni kamsitib yoki haqorat qilib azob berishga haqli emas.
- Sizni sindirishlariga yoʻl qoʻymang. Agar oʻzingizni foydasiz, zaif yoki aybdor his qilsangiz, bilingki, bu faqat jabrlovchining oʻzini kuchli his qilish uchun qilgan harakatidir. Siz hamma kabi hurmat va himoyaga loyiqsiz. Sizni himoya qila oladigan ota-onangiz va doʻstlaringiz bor. Bu vaziyatda muammo bilan yolgʻiz qolmasligingiz kerakligini unutmang.
- Qatʼiyati boʻling. Nima sodir boʻlayotganini gapirishda va bullingni toʻxtatishni talab qilishda qatʼiy turing, vaziyat oʻzgarmasa – kattalarga murojaat qilishda, gapirishda davom eting.
Bulling holatida qayerga murojaat qilish mumkin?
Oʻzbekistondagi ishonch telefonlari:
- Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishonch telefoni: 1006
- «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari: +998 71 2395920
- Bolalarni ijtimoiy moslashtirish milliy markazi: +998 71 281-50-17
- Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.