scale.jpg

Emotsional intellekt: oʻzingizning va oʻzgalarning hissiyotlarini tushunish uchun nima qilish kerak?

Soʻnggi paytlarda “emotsional intellekt” tushunchasi juda koʻp ishlatiladigan boʻlib qoldi.

U nimani anglatadi?

Psixologlar uning juda koʻp tarkibiy qismlarini ajratib koʻrsatadilar, lekin umuman olganda bu — insonning oʻz hissiyotlarini tushunib anglay olishi, nazorat qilishi va boshqalarga hamdard boʻla olish qobiliyatidir. Kimdir buning uddasidan yaxshi chiqsa, boshqa birov unchalik eplolmaydi.

Koʻpincha, hatto alohida test oʻtkazmasdan turib ham insonning emotsional intellekti darajasini bilish mumkin. Emotsional intellekt darajasi yuqori boʻlgan kishilar boshqa odamlarni oʻziga jalb qilishni va oʻzini yaxshi koʻrsatishni biladi. Bunday insonlarning yonida boʻlish yoqimli, ular doʻstona, xayrixoh kishilar boʻlib butun olamga ijobiy qaraydilar. Emotsional intellekt darajasi yaxshi rivojlanmagan insonlar esa muomalasiz, qoʻpol va jahldor boʻlib koʻrinadi.

Oʻz emotsiyalaringizni yaxshiroq tushunib, bilib olish uchun, har gal ularni his qilganingizda ularga nom qoʻyishingiz kerak. Masalan, kuniga bir necha marta, sizda qandaydir hissiyotlar uygʻongan mahalda, oʻzingizga “men hozir aynan nimani his qilayapman?” va “men nima uchun buni his qilayapman?”, deb savol bering. Stress holatida va asabingiz tarang boʻlgan sharoitda bunday qilish ayniqsa muhimdir. Faqatgina oʻz emotsiyalaringizni tushunib, anglay olsangizgina siz ularni nazorat qilishni oʻrganasiz.

Qilmoqchi boʻlgan ishlaringizning aksini qiling. Ya’ni his-tuygʻular, emotsiyalarga toʻlib-toshgan paytingizda, sizda biror narsa qilish istagi tugʻilsa shuning teskarisini qiling. Masalan, agar bir insondan jahlingiz chiqsa va siz uni xafa qilmoqchi boʻlsangiz — unga kulib qarang va biron-bir shirin soʻz aytib koʻring.

Boshqa kishilar nimani his qilayotganini bilib, tushuna olmasangiz, ular bilan normal munosabatlar qurishning iloji boʻlmaydi. Avvalambor oʻzingizga “Men kimman?” deb savol bering va keyingina “Men nima his qilyapman” deb soʻrang. Inson oʻzini tushunishni oʻrganishi kerak, oʻz hissiyotlarini aniqlay olgan insongina boshqa birovning hissiyotlarini tahlil qila oladi.

Oldingi Keyingi