Haddan tashqari ozgʻinlik, anoreksiya va ularning oqibatlari
Anoreksiya – asab tizimidagi ovqatlanish markazining tormozlanishi boʻlib, bunda ozish hayoldan ketmaydi va semirish qoʻrquvi kuchayib boradi.
Anoreksiyaning asosiy belgilari:
- Qanday usul bilan boʻlsa ham ozish istagi;
- Semirish qoʻrquvi;
- Turli xil dietalar, kaloriyalarni maniakal hisoblashlar;
- Ovqatni tez-tez rad etish va bu haqida yolgʻon gapirish (asosiy gaplari: “yaqinda ovqatlandim”, “qornim och emas”, “ishtaham yoʻq”);
- Ovqatlanish marosimlari (masalan, juda sekin chaynash, ovqatni kavlab oʻtirish, kichkina idishlardan foydalanish);
- Ovqatlangach, aybdorlik va tashvish hissi;
- Bayram, turli marosim va tadbirlardan oʻzini olib qochish;
- Jismoniy mashgʻulotlar bilan haddan tashqari koʻp shugʻullanish;
- Oʻz fikrlari va ozish usullarini agressivlik bilan himoya qilish;
- Uyqu buzilishi;
- Hayz koʻrish buzishilishi yoki toʻxtashi;
- Depressiv holat;
- Oʻz hayoti ustidan nazoratni yoʻqotish hissi;
- Juda tez vazn yoʻqotish (yosh normasidan 20-30% yoki undan koʻp);
- Zaiflik va bosh aylanishi;
- Doimiy sovuq qotish.
Anoreksiya oʻz vaqtida aniqlanmasa bir qator asoratlarga olib keladi:
- immunitet tizimining buzilishi;
- yurak-qon tomir kasalliklari;
- tanada suyuqlik yetishmasligi;
- tayanch tizimi bilan bogʻliq muammolar (osteoporoz);
- bepushtlik;
- qon kasalliklari (anemiya);
- vitaminlar yetishmovchiligi;
- ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, oshqozon va ichak yaralari;
- yurak, buyrak va jigarga jiddiy zarar yetishi;
- bosh aylanishi, hushdan ketish, bosh ogʻriqlari.
Siz va sizning doʻstlaringiz bu muammoning borligini tushunmasligingiz va tan olmasligingiz mumkin. Ba’zida hatto kasallikni boshqalardan yashirish imkoni ham boʻladi. Lekin anoreksiyani oʻz vaqtida toʻgʻri dorilar, psixiatrik usullar bilan, kerak boʻlsa, shifoxonada davolashni boshlamasangiz, buning oxiri yomon oqibatlar bilan yakunlanishi mumkin.
Shu sabali, kasallikning dastlabki belgilaridayoq ota-onangizga, ishongan katta insoningizga yoki shifokor (psixoterapevt)ga murojaat qilishingingiz kerak.