Hissiyotlarni nazorat qilishni qanday oʻrganish mumkin?
Hissiyotlar hayotning har qanday vaziyatlarida bizga hamrohlik qiladi. Ba’zida his-tuygʻularingiz nogahon joʻshib ketib, tiniq fikrlashga va ongli qarorlar qabul qilishga toʻsqinlik qilishi mumkin. Oxirgi paytlarda emotsional intellekt haqida koʻpchilik gapirmoqda. Emotsional intellekt — insonning oʻziga xos koʻnikma va malakalaridir, ularning yordamida inson oʻzining va boshqa kishilarning hissiyotlarini tushunadi, ularni nazorat qiladi va boshqaradi.
Emotsiyalarini nazorat qilishni qanday oʻrganish mumkin?
- Atrofda yuz berayotgan voqealardan oʻzingizni uzoqda deb tasavvur qilib, chetlashish. Boshqa kishi sizga oʻzining noroziligini, jahlini, yomon kayfiyatini, alamini sochganda, sizda beixtiyor xuddi shunday tarzda unga javob qaytarish istagi paydo boʻladi. Lekin shu paytda xafa qiluvchi soʻzlarga javob bermay, hissiyotlar sizni yengishiga yoʻl qoʻymagan ma’qul. Biror narsaga oʻzingizni chalgʻitib koʻring, boshqa joyga chiqib keting. Oʻsha kishining tinchlanishini kutib turing va shundan keyingina suhbatni boshidan boshlashga urinib koʻring.
- Oʻzingizni ishontirish. Ba’zida jahlimiz shu darajada kuchayadiki tezda tinchlanib, oʻzimizga kelishimiz juda qiyin boʻladi. Bu muammoga boshqa tomondan qarab koʻring. Bu vaziyat hayotingizdagi navbatdagi tajriba ekanligini, uni albatta boshingizdan kechirishingiz kerakligini oʻylab koʻring. Hayotdagi barcha vaziyatlarni, ular qanday boʻlsa, shundayligicha boshidan kechirib yashash bizni oxir oqibat kuchli insonga aylantirishini va bizning irodamizni toblashini yodda tuting.
- Tanaffus olish. Shunday paytlarda siz yana miyangizni ishlatib, nimalar yuz berganligini, nima uchun siz shunday reaksiya qilganingizni oʻylab koʻrishingiz kerak. Keyin esa, bu vaziyatda qanday yoʻl tutish yaxshiroq boʻlishi haqida qaror qabul qiling va faqat shundan keyingina vaziyatni toʻgʻirlashga harakat qiling.
- Chuqur nafas olish. Bu haqiqatan ham yordam beradi. Chuqur nafas olish sizga boʻshashib, vaziyatdan chetlashib, oʻzingizga kelishingizga yordam beradi. Ba’zan bir necha daqiqa chuqur va sokin nafas olishning oʻzi yengillashish uchun yetarli boʻladi.
Sport bilan shugʻullanish. Oʻzlaridagi salbiy his-tuygʻularni tashqariga chiqarib yuborish uchun boksyorlarning osma qopini uradigan, yoga, raqs yoki aerobika bilan shugʻullanadigan kishilarni koʻp uchratish mumkin. Sport nafaqat jismoniy, balki psixologik holatingizning ham yaxshilashga yordam beradi. Hatto ertalabki badantarbiya qilish ham sizga gʻayrat va quvvat baxsh etib, kayfiyatingizni koʻtaradi.