Kayfiyatning keskin oʻzgarib turishi va uni qanday boshqarish mumkin?
Balogʻat yoshiga davri koʻpincha hissiy oʻzgarishlar bilan kechishiga e’tibor bergan boʻlishingiz mumkin.
Yigʻloqilik, jaxl chiqishi, bezovtalik yoki xursandchilik kabi tuygʻular asabiylik bilan almashib turadi — bularning bari normal holat. Ba’zan atigi 10 daqiqa ichida butun boshli his tuygʻularni boshdan kechirishingiz mumkin. Oʻsmirlik yoshida boʻladigan kayfiyatning tez-tez oʻzgarish holatlari tufayli oʻzingizni aqldan ozgan his qilishingiz mumkin. Xavotir olmang, hammasi siz oʻylaganchalik yomon emas. Agar ushbu qiyin paytda hissiyotlaringizning sababini aniqlay olsangiz — ularni nazorat qila olasiz.
Balogʻat yoshidagi tanadagi jismoniy oʻzgarishlar gormonlar tufayli sodir boʻladi. Gormonlar oʻz oʻrnida ishlashiga qaramay, turli noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin. Tanangizdagi kimyoviy moddalar sizning hissiyotingizga ta’sir qilib turli xil natijalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan, hech qanday sababsiz hafa boʻlishingiz yoki gʻazablanishingiz mumkin. Bir necha oy avval sizni kuldirgan narsalar, endi aksincha holatga olib kelishi mumkin. Ba’zan siz baxtdan oʻzingizni yettinchi osmonda his qilasiz. Ba’zan tanangizda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar sizni xavotirga solishi va uyaltirishi mumkin, yaqinlaringiz va doʻstlaringizni buni sezayotganlari uchun jerkib tashlashingiz mumkin. Lekin bu turdagi koʻtarinki va tushkin kayfiyatlar — odatiy hol. Shunchaki oʻzingizni borligingizcha qabul qilishda va yaxshi koʻrishda davom eting, kayfiyatning doimiy oʻzgarib turishiga tayyor turing.
Kechinma va tajribalaringizni doʻstlaringiz bilan boʻlishsangiz boʻladi, chunki ular ham bu narsalarni boshdan kechiradilar. Yaqinlaringiz sizni balki qisman tushunishar, shunday boʻlsa-da, agar ular bilan oʻzingizni qanchalik gʻalati his qilayotganingiz haqida gaplashsangiz, ular bunda sizga koʻmaklashadilar. Aksincha, oʻz xonangizda musiqa tinglab vaqtni yolgʻizlikda oʻtkazishni xohlasangiz — juda yaxshi! Kimdir bilan gaplashishga tayyor boʻmaguningizcha yolgʻiz qoling. Yana bir maslahat shuki, tushkin kayfiyatda boʻlganingizda ijtimoiy tarmoqlardagi depressiv muhokamalarni oʻqimaslikka harakat qiling, bu holat sizni depressiyaga olib kelishi mumkin.
Yodda tuting, barchasining sababi gormonlardir. Siz bilan birga millionlab oʻsmirlar balogʻat davrini boshdan kechirmoqda va siz nima his qilsangiz ular ham aynan shuni his qilmoqda. Buning barchasi oʻtib ketadi. Sizdagi bunday oʻzgarib turuvchi kayfiyat vaqtinchadir.