Kiberbullingni toʻxtatish boʻyicha oʻsmirlar uchun amaliy yoʻriqnoma
Agar siz kiberbulling qurboniga aylangan boʻlsangiz, avvalo, ishonchli insondan yordam soʻrashni oʻylang. Bu ota-onangiz, yaqin oila aʼzosi yoki katta yoshdagi bir doʻst boʻlishi mumkin.
Ota-onangiz bilan bu mavzuda gaplashish qiyin boʻlishi mumkin, lekin ularning xotirjam tinglay oladigan vaqtini tanlang. Ularga bu muammo siz uchun qay darajada jiddiy ekanligini tushuntiring. Ota-onangiz internet va zamonaviy texnologiyalar haqida sizchalik bilimga ega boʻlmasligi mumkin, shuning uchun vaziyatni yaxshi anglashlariga yordam bering.
Agar ota-onangiz yordam berishning aniq yoʻlini bilolmasalar, maktab psixologi, murabbiy yoki oʻqituvchingiz kabi boshqa kattalarga murojaat qiling. Odatda, kattalar Sizni qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻladilar, Siz faqat vaziyatingizni aniq tushuntirib berishingiz kerak.
Agar bulling ijtimoiy tarmoqlarda sodir boʻlayotgan boʻlsa, hujumchini bloklang va uning xatti-harakatlari haqida platforma orqali shikoyat qiling. Ijtimoiy tarmoqlar oʻz foydalanuvchilarining xavfsizligini taʼminlashga masʼuldir.
Shuningdek, dalillar toʻplash juda foydali boʻlishi mumkin — matnli xabarlarni saqlab qoʻying va hujumchi qoldirgan izoh yoki postlarning skrinshotlarini oling. Bu dalillar vaziyatni tushuntirishda yordam beradi.
Bullingni toʻxtatish uchun uni oshkor qilish va u haqda xabar berish muhimdir. Bu nafaqat muammoni bartaraf etishda yordam beradi, balki hujumchining xatti-harakatlari notoʻgʻri ekanligini koʻrsatadi.
Facebook yoki Instagram kabi platformalarda kiberbulling holatlari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri xabar berish mumkin. Bu platformalarda tahdidli yoki haqoratomuz kontentlarni tekshirish va oʻchirish bilan shugʻullanuvchi maxsus jamoalar bor. Xabarlar har doim maxfiy saqlanadi.
Eslatma! Agar vaziyat Sizning xavfsizligingizga tahdid solsa, darhol huquq-tartibot organlariga murojaat qiling.
Kiberbulling boʻyicha yordam olish uchun Oʻzbekistonda ishonch telefonlari:
- Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishonch telefoni: 1006
- «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari: +998 71 2395920
- Bolalarni ijtimoiy moslashtirish milliy markazi: +998 71 281-50-17
Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.