Madaniy shok bu nima?
Madaniy shok – odamda notanish va yangi muhit, madaniyat va yashash tarziga tushib qolganda paydo boʻluvchi chalkashlik va havotir hissi. Masalan, chet elda o’qish, ish, sayohat yoki koʻchish vaqtida bu holat tez-tez kuzatiladi.
Madaniy shokning oʻz bosqichlari bor. Hamma ham barcha bosqichlarni boshdan kechiravermaydi (yashash muddati va maqsadiga qarab), lekin ularning ba’zilarini boshqa madaniyat orasiga tushgan har bir kishi boshdan kechiradi.
- “Asal oyi”. Bu bosqichda odamga hamma narsa yoqadi. Barcha narsa ajoyib va chiroyli koʻrinadi. Koʻtarinki kayfiyat , chet elda qolishga katta umidlar, yangi narsalarni oʻrganishga va sinab koʻrishga tayyorlik hissi paydo boʻladi. Hayoldagi fikrlar: "Bu yerga kelganim juda ham zoʻr bo’ldi!"
- “Madaniy shok”. Bir necha hafta yoki oy oʻtgach, odamda tashvish tuygʻusi va muloqot bilan bogʻliq muammolar (tilni yaxshi bilsa ham) paydo boʻladi. Ishda, oʻqishda, doʻkonda, uyda oʻzini tutish qoidalari tushunarsiz tuyuladi va barcha farqlar sezila boshlaydi.
- Krizis. Rad etish. Ushbu bosqichda odam yangi mamlakat va uning aholisidan kamchiliklar qidira boshlaydi, haddan tashqari tanqidiy boʻlib qoladi, oʻzining yangi turmush tarzini qabul qilgisi kelmaydi. U faqat oʻzi kelgan mamlakatdan boʻlgan odamlar bilan muloqot qilishga harakat qiladi. Begonalar bilan muloqot qilishni istamaslik, asabiylashish, g’azablanish yoki tushkunlik tuyg’ulari paydo boʻladi.
- Koʻnikish va moslashish. Depressiya optimizmga yoʻl beradi. Oʻziga boʻlgan ishonch oshib boradi. Hayot hali hamon boshqacha, lekin bu narsa endi bezovta qilmay qoʻyadi. Oʻzini uyidagidek his qila boshlaydi. Hamma narsa tushunarli boʻladi. Bu mamlakatda uzoqroq qolish yoki yana kelish istagi yuzaga keladi.
- Takroriy madaniy shok. Inson oʻz vataniga qaytganida vujudga keladi. Endi bu yerda odam oʻzini noqulay his qiladi, chunki uzoqda boʻlgan vaqtida hamma narsa oʻzgargandek tuyuladi. Bunday holatda, inson oʻz madaniyatiga qayta moslashishga majbur boʻladi.
Nima boʻlganda ham, madaniy zarba mutlaqo normal holat va hatto yangi sharoitlarga moslashish jarayonining ajralmas qismidir. Asosiysi, yangi madaniyat va hududga osongina moslashishning toʻgʻri yoʻllarini topishdir. Bu haqida keyingi maqolada oʻqishingiz mumkin.