Emotsional intellekt shunchaki zamonaviy mavzu emas, balki juda dolzarb mavu
Oʻz his-tuygʻularingizdan maqsadingizga erishish uchun resurs sifatida foydalanishingiz mumkin, shuning uchun emotsional intellektni rivojlantirish — kelajakdagi muvaffaqiyat va katta gʻalabalarning garovidir.
Emotsional intellekt — oʻz hislaringizni va atrofingizdagi kishilarning hissiyotlarini tushuna olishdir. Bu qobiliyat oʻziga nisbatan va boshqa kishilarga nisbatan oʻz hislarini va kechinmalarini toʻgʻri baholashda namoyon boʻladi.
Dunyo juda tez oʻzgarib bormoqda. Bugungi kunda bizga yaxshi mutaxassis yoki oʻz ishining ustasi boʻlish yetarli emas. Jamiyat bilan samarali oʻzaro munosabatda boʻla olish ham muhimdir.
Hammaga maʼlumki, IQ (intelligence quotient, yaʼni, zehn koeffitsienti) insonning aqliy va tahliliy qobiliyatini belgilab beradi. EQ (emotional Intelligence) esa insonning shaxsiy va ijtimoiy koʻnikmalari va malakalari jamlanmasidir. Ushbu malakalarga quyidagilar kiradi:
- oʻz-oʻzini anglash — oʻz shaxsiy his-tuygʻularini anglash va tahlil qilish qobiliyati, hamda oʻzining zaif va kuchli jihatlarini bilish;
- oʻz-oʻzini boshqarish — oʻz his-tuygʻularini boshqara olish va hatto oʻta inqirozli vaziyatlarda ham emotsional muvozanatni saqlay olish qobiliyati;
- empatiya — atrofdagilarning his-tuygʻularini sezish, tushunish va boshqalar bilan ularning ichki holatini hisobga olgan holda muloqot qilish qobiliyati;
- munosabat koʻnikmalari — kishilar bilan oʻzaro munosabatda boʻla olish, ularning his-tuygʻularini boshqarish, nizolarni hal qilish qobiliyati.
Emotsional intellektni uchta bosqich yordamida rivojlantirish mumkin:
- His-tuygʻularingizni muntazam yozib boring.
- Tuygʻularingiz sabablarini oʻrganib, tushunib oling.
- Sizni tinchlantiradigan (sokin nafas olish, meditatsiya, sayr qilish) yoki energiya beradigan (sport, raqs, baland ovozli shoʻx musiqa) usullarni qoʻllang.
EQ darajasi yuqori boʻlgan kishilar, jamiyatdagi munosabatlari yuzasidan doʻstona, vazmin boʻlishi, doim yaxshi kayfiyatda boʻlishi bilan ajralib turadi. Emotsional barqaror boʻlgan insonlar hissiyotlarni yaxshiroq anglay oladi, chunki diqqat e’tibori oʻzida emas, koʻproq atrofdagilarda boʻladi.