Oʻzingizga ishonchli boʻlish Sizning bullingga qarshi qalqoningiz!
Oʻziga ishonch — bullingga qarshi eng kuchli himoyalardan biri. Agar oʻzingizga ishonchingiz baland boʻlsa, boshqalardan kelishi mumkin boʻlgan negativlar bilan osonroq kurashasiz. Oʻziga ishongan inson oʻz chegaralarini yaxshiroq himoya qiladi, “yoʻq” deyishni bilib, tajovuzkorlarga oʻz qadrini tushirishga yoʻl qoʻymaydi. Zoʻravonlarning asosiy maqsadi — Sizning oʻzingizga boʻlgan ishonchingizni buzish va oʻzingizdan shubhalanishga majbur qilish. Ammo oʻzingizga ishonchingiz boʻlsa, bulling taʼsiriga kamroq berilsangiz.
Oʻziga ishongan inson hazil va haqoratli gaplarni yurakka olmasdan qabul qiladi. Boshqalarning gaplari Sizning qadr-qimmatingizni belgilamasligini tushunasiz. Oʻzingizga ishonch xato qilishdan qoʻrqmaslikka yordam beradi, chunki har bir xato — yanada yaxshiroq boʻlish uchun imkoniyatdir. Bu sizga bullingga qarshi qattiq turishga yordam beradi va fitnalarga yon berilmaslikka imkon beradi.
Bulling holati Sizni yolgʻiz va yordamsiz qolgandek his qilishingizga olib kelishi mumkin, lekin eng muhimi — kurashishni davom ettirish va doʻstlar, ota-onalar yoki oʻqituvchilardan qoʻllab-quvvatlash soʻrashdan qoʻrqmaslikdir.
Oʻziga ishonch bullingga qarshi qanday yordam beradi?
Bullingga duch kelganda, oʻzingizga boʻlgan ishonch Sizning qalqoningiz boʻlishi mumkin. Oʻziga ishongan inson haqoratli gaplar va harakatlar uning qadr-qimmatini belgilamasligini biladi. Zoʻravonlar Sizni tahqirlashga urinishlari mumkin, lekin bu Sizning kimligingizni aslo aks ettirmaydi. Shuni yodda saqlash muhim: koʻpincha bulling qiluvchilarning oʻzlarida oʻziga ishonchi past boʻladi va ularning bu xatti-harakati oʻzlarining zaifliklarini va qoʻrquvlarini yashirishga urinishdir.
Oʻzingizga ishonchli boʻlish Sizni oʻzingiz uchun kurashishdan qoʻrqmaslikka ham yordam beradi. Agar kimdir Sizga ozor bermoqchi boʻlsa, oʻz chegaralaringizni aniq belgilab, “Bu menga yoqmaydi!”, “Bunday qilmang!” deyishingiz mumkin. Bu Sizning oʻzingizni himoya qilishdan qoʻrqmasligingizni koʻrsatadi. Tajovuzkorlar oʻz xatti-harakatlarini davom ettirgan taqdirda ham, ular Sizga taʼsir qilish yoki manipulyatsiya qilish qiyinligini tushunadilar.
Qiyinchiliklarga duch kelganingizda yordam soʻrashdan qoʻrqmang. Oʻzingizga ishonchni rivojlantirishda davom eting va oʻz chegaralaringizni qatʼiyat bilan himoya qiling! Lekin bu mushtlashuvga yoki jismoniy tahdidlarga aylansa, Siz kattalardan (oʻqituvchilar, ota-ona) yordam soʻrashingiz kerak boʻladi. Yordam soʻrash qoʻrqoqlik emas, aksincha, bu jiddiy oqibatlarning oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, oʻziga ishonch mavzusi haqida quyidagi maqolalardan bilib olishingiz mumkin:
Qanday qilib oʻziga nisbatan ishonchliroq boʻlish mumkin? (ikki qismda)
Qanday qilib oʻziga ishonchni rivojlantirish va bullingga qarshi kurashish mumkin?