Oʻsmirlarda ruhiy zoʻriqish
Ruhiy zoʻriqish (asab tizimining buzilishi) oʻsmir yoshdagi bolalarda ham uchraydi. Uning sabablaridan biri oilaviy muhitning ta’siri ham boʻlishi mumkin. Oilada yo‘qotishlar bo‘lganda yoki undagi doimiy qattiq nazorat bo‘lishi, bolada erkinlik va o‘ziga baho berish hissining bo‘g‘ib qo‘yilishi ham asab tizimi zo‘riqishiga olib keladi.
Bugungi kunda toʻsatdan bo‘ladigan yoʻqotishlar, ijtimoiy, iqtisodiy va moliyaviy masalalar bilan bogʻliq vaziyatlar ham asab tizimi zoʻriqishiga olib keladigan dolzarb muammolardan hisoblanadi.
Kasallik alomatlarini qanday aniqlash mumkin?
Alomatlar uch darajada boʻlib, birinchisi – dastlabki davrda ish qobiliyatining va diqqatning pasayishi, uyqu buzilishi, xotiraning kundalik holatlarda susayishi his qilinadi.
Shuningdek, tez charchash, jizzakilik va vegetativ belgilar rivojlanishi bilan boradi, ya’ni yurak tez urib ketishi (taxikardiya), terlab ketish, qoʻl-oyoqlarda titrash kabi belgilar bilan kechishi mumkin.
Mana shu holatga olib keluvchi faktorlar yoʻqotilmasa yoki davo muolajalari olinmasa va kun tartibi toʻgʻri taqsimlanmasa, yuqoridagi belgilar turgʻun holatga oʻtadi.
Ikkinchi bosqichda qon bosimi oshishi, qon aylanishi va yurak urishining buzilish belgilari, qizarib yoki oqarib ketish, ba’zi holatlarda boshqa somatik kasalliklar fonida hushdan ketish, jizzakilik kabi belgilar turg‘un holatga oʻtadi. Bu narsa bemorning ishi, oʻqishi va boshqa kundalik faoliyatida oʻz taʻsirini koʻrsata boshlaydi.
Kasallikning uchinchi davrida, yuqoridagi faktorlar surunkali davom etishi natijasida, hayotga qiziqish soʻnishi, ham jismoniy, ham aqliy faoliyatning sustligi va dastlab uyqusizlik holatlari kuzatilsa, keyinchalik uyquchanlik, jismoniy harakatlarning kamayishi, dunyoni kulrang ranglarda koʻrish kabi belgilar bilan kechadi.