Psixologik konsultatsiya nima?
Oʻsmirlik davrida oʻzini anglash va hayotiy yoʻlni tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Psixologga murojaat qilishning eng koʻp uchraydigan sabablaridan biri – oʻzini tushunish, qiziqishlari va imkoniyatlari haqida koʻproq bilish, shuningdek, kasb tanlashdir. Bu ulgʻayishning oddiy bosqichi va agar shubhalar yoki qiyinchiliklar paydo boʻlsa, mutaxassisga murojaat qilish – oʻz maqsadlarini tushunishga qaratilgan ajoyib qadamdir.
Ota-onangiz yordamida tegishli psixologni topishingiz mumkin, shuningdek, mustaqil ravishda ham ishonch telefoni orqali mutaxassislarga murojaat qilishingiz mumkin (aloqa maʼlumotlari maqola oxirida keltirilgan).
Psixologik konsultatsiya – bu professional tarzda tashkil etilgan suhbat boʻlib, unda siz oʻz qaygʻu-tashvishlaringiz bilan boʻlishishingiz, qoʻllab-quvvatlay olishingiz va qiyin masalalarni hal qilishning yangi yoʻllarini topishingiz mumkin. Psixolog sizga vaziyatga boshqa tomondan qarashga yordam beradi, sizdagi kuchli jihatlar va xususiyatlarga tayangan holda yechimlar taklif qiladi.
Agar shaxsan uchrashish imkoniyati boʻlmasa, konsultatsiyani masofaviy tarzda – telefon orqali yoki internet orqali oʻtkazish mumkin. Muhimi, konsultatsiyalar anonim boʻlishi mumkin va siz mutaxassisga qaysi maʼlumotlarni aytishni oʻzingiz hal qilasiz.
Konsultatsiya qanday oʻtadi?
Konsultatsiya odatda quyidagi bosqichlarda oʻtadi:
- Tanishish. Psixolog sizni tinglaydi va sizni tashvishlantirayotgan va xavotirga solayotgan narsalarni bilib oladi. Bu sizdagi emotsiyalar, fikrlar yoki muhokama qilishni istagan har qanday oʻzgarishlar boʻlishi mumkin.
- Vaziyatni muhokama qilish. Psixolog bilan birgalikda qiyinchiliklar paydo boʻlishining sabablarini tahlil qilasiz. Bu bosqichda siz emotsional qoʻllab-quvvatlash olishingiz va muammoni qanday yechish boʻyicha yangi gʻoyalarga ega boʻlishingiz mumkin.
- Reja tuzish. Psixolog sizga vaziyatingizni yaxshilash uchun amaliy qadamlarni ishlab chiqishda yordam beradi. Bu emotsional qiyinchiliklardan qanday xalos boʻlish haqidagi amaliy tavsiyalar yoki maslahatlar boʻlishi mumkin.
- Yakuniy bosqich. Sessiyaning oxirida psixolog sizga taklif qilingan harakatlarni yana bir bor koʻrib chiqishingizga va ularni qanday amalga oshirish boʻyicha tushunchaga ega boʻlishingizga yordam beradi.
Konsultatsiyada nimalar haqida gapirish mumkin?
Psixolog sizning his-tuygʻularingiz, fikrlaringiz va rejalaringiz haqida savollar berishi mumkin. U sizga berilgan javoblarni baholamaydi, chunki barcha his-tuygʻular muhim va ahamiyatga ega. Bu joyda oʻzingizni tashvishga solayotgan barcha narsalarni notoʻgʻri tushunishlaridan qoʻrqmay, ochiqchasiga gapirishingiz mumkin,
Shuni yodda tutingki, konsultatsiya davomida sizga qiziq boʻlgan har qanday savollarni berishingiz mumkin, hattoki ular sizga gʻalati yoki noqulay tuyulgan taqdirda ham. Agar bu siz uchun muhim boʻlsa, psixolog uchun ham bu ahamiyatlidir.
Qayerga murojaat qilish mumkin?
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining ishonch telefoni: 1006 yoki +998 71 202-09-09 (dushanba – juma kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha).
- «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari, bolalar va oʻsmirlar uchun psixologik yordam xizmati: +998 71 239-59-20.
- Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi: +998 71 200-00-00.
- Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi: +998 71 232-38-25.
- Bolalar uchun ishonch telefoni: +998 71 233-99-44.
- Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.
Average Rating: ☆ ☆ ☆ ☆ ☆ (0 reviews)