анестезия.jpg

Ukoldan qoʻrqishni qanday yengish mumkin?

Ukol haqida oʻylayaganingizda sizni titroq bosadimi? Siz yolgʻiz emassiz! Koʻplab odamlar ulardan qoʻrqishadi, chunki ignalar qoʻrquv uygʻotadi.

Keyingi safar sizga ukol qilishlaridan oldin quyidagi maslahatlarimizga amal qilishga harakat qiling:

  1. Kutib turganingizda oʻzingizni nimadir bilan chalgʻiting. Turli oʻyinlari bor telefon, video yoki kitoblarni oʻzingiz bilan shifoxonaga olib keling — kutish zalida ukol haqida oʻylamaslik uchun, e’tiboringizni butunlay qamrab oladigan ish bilan mashgʻul boʻling.
  2. Sekin, chuqur nafas olish orqali diqqatni jamlang. Qorin boʻshligʻini ham toʻldirib toʻliq nafas oling. Chuqur nafas olish tinchlanishingizga yordam beradi, shu bilan ukoldan boshqa narsaga e’tibor qaratishingiz va fikringizni undan uzoqlashtirishingiz mumkin.
  3. Xona ichidagi biror narsaga e’tiboringizni qarating. Devordagi rasm, plakat yoki posterlarga qarang. Undagi tafsilotlarga e’tibor qarating: masalan, agar siz rasm topsangiz, unda bogʻdagi gullar, daladagi sigirlar va hokazolar sonini hisoblashga harakat qiling. Salomatlik haqida yozilgan ma’lumot plakatidagi xabar sizga qanday ta’sir qilishi haqida oʻylab koʻring. Nima boʻlishidan qat’i nazar, inyeksiyadan boshqa narsaga e’tibor qarating.
  4. Yoʻtal. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, inyeksiyadan oldin va ukol qilish vaqtida bir marta yoʻtalish ba’zi odamlarda ogʻriqni kamaytirishga yordam beradi.
  5. Oʻzingizni va ukol qilinadigan joyingizni boʻshashtiring. Agar siz hayajonlanayotgan boʻlsangiz, ukol siz uchun ogʻriqliroq kechishi mumkin, ayniqsa siz inyeksiya qilingan joyni taranglashtirsangiz.

Ba’zi odamlarda ukoldan keyin bosh aylanishi yoki hushidan ketish holatlari kuzatilishi mumkin. Agar siz oʻzingizni yomon his qila boshlasangiz, oʻtirib yoki yotib oling va bir necha daqiqa dam oling.

Ukoldan oldin asabiylashayotganingizni, shifokor yoki hamshiraga aytishdan qoʻrqmang. Tibbiyot xodimlari odamlarning ukoldan qoʻrqishlariga oʻrganib qolishgan va ular sizning tinchlanishingizga yordam berishadi.

Oldingi Keyingi