Yangi hudud va madaniyatga qanday moslashish mumkin?
Turli sabablarga koʻra siz yashash joyingiz, shahringiz, hattoki mamlakatingizni oʻzgartirishingizga toʻgri kelishi mumkin. Bu oʻqish, ish, oilaviy sharoit yoki boshqa sabablar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Quyidagi koʻrsatmalar sizga yangi hududga osonroq moslashish uchun yordam beradi:
- Yangi joyga borishdan oldin, u hududning urf-odatlari va tilini iloji boricha yaxshiroq oʻrganib olishga harakat qiling. Til odamlar bilan muloqot qilishning muhim qismidir.
- Biron bir mashgʻulot bilan band boʻling: kurslarga yoziling, kutubxonaga boring, bogʻlarda sayr qiling, odamlar bilan muloqot qilishga harakat qiling, til oʻrganing, yangi maqsadlar qoʻying va ularga erishishga harakat qiling.
- Sayohat qiling. Vaqti-vaqti bilan oʻzingizni turist deb tasavvur qilib, qiziqarli joylarga tashrif buyuring.
- Kundalik tuting. His-tuygʻularingizni, borgan joylaringizni kundalikda ifoda eting. Bu oʻzingizni yaxshiroq tushunishga va koʻplab nizolarni hal qilishga yordam beradi.
- Koʻproq oʻqing. Kitoblar nafaqat fikrlash va tasavvurni rivojlantiradi, balki boshqa madaniyatlarni chuqurroq tushunishga yordam beradi.
- Yangi odamlar bilan suhbatlashing. Ular sizga oʻz hududining madaniyati bilan tanishishda yordam beradi. Sotuvchilar, ofitsiantlar, doʻstona koʻrinishdagi odamlar bilan suhbatlashing. Shu bilan birga, siz bilan bir mamlakatdan yoki hech boʻlmaganda bir mintaqadan kelganlar bilan doʻstlashing. Umumiy mavzu va qiyinchiliklarni muhokama qilish koʻnikish davridan oʻtishni osonlashtiradi.
- Sport bilan shugʻullaning. Jismoniy faollik ruhiy stressni yengishga, oʻzingizni chalgʻitishga va keraksiz zoʻriqishdan xalos boʻlishga yordam beradi.
- Oʻzingizga tanish boʻlgan ish bilan shugʻullaning. Odatiy yoki milliy taomlarni tez-tez pishiring, oʻz yurtingizdan boʻlgan doʻstlar bilan uchrashing, sevimli filmlaringizni ona tilingizda tomosha qiling. Ba’zan uy sogʻinchidan xalos boʻlish uchun shunchaki tanish narsalarni his qilish va koʻrish kifoya qiladi.
- Yumor hissini yoʻqotmang va rivojlantiring! Hazil bu xalqaro til. Agar xatoga yoʻl qoʻygan boʻlsangiz yoki muayyan vaziyatda oʻzingizni qanday tutishni bilmasangiz, bu vaziyatni kulib qarshi oling.
- Yodingizda tuting — siz madaniy shokni boshdan kechirmoqdasiz va bu holat vaqt oʻtishi bilan oʻtib ketadi. Asosiysi, biror narsani tushunmasangiz soʻrashdan tortinmang va yangi oʻzgarishlarga tayyor boʻling.