Men voyaga yetyapman
Jinsiy yetilish — oʻgʻil bolalar uchun ham, qizlar uchun ham murakkab davr. Gormonlar nafaqat fiziologik oʻzgarishlarga, balki ruhiy-emotsional holatga ham ta’sir qiladi. Oʻgʻil bolalar bu davrda qiziqqon, asabiy va tarang boʻlib qolishi mumkin.
Oʻsmirlarda jinsiy yetilish jinsiy gormonlar tomonidan boshqarilib turiladi. Oʻgʻil bolalarda jinsiy yetilish uchun testosteron gormoni mas’ul — u jinsiy a’zolarning rivojlanishiga, boʻy oʻsishiga, tananing shakli oʻzgarishiga, ovozining doʻrillab ohangi pasayishiga ta’sir koʻrsatadi. Bundan tashqari boshqa jinsiy gormonlar ham mavjud boʻlib ularning ishlash jarayoni organizmning muayyan bioximik jarayonlariga qaratilgan.
Oʻgʻil bolalarda jinsiy yetilish asta-sekin yuz beradi. Oʻgʻil bola jinsiy yetilish yoshiga yetganligini quyidagi belgilar orqali bilishi mumkin:
- jinsiy a’zolarning kattalashishi;
- qoʻltiq ostida, yuzda va oyoqlar orasida tuklar oʻsa boshlashi;
- ovozining oʻzgarishi;
- boʻyning keskin oʻsishi;
- tana shaklining oʻzgarishi.
Oʻgʻil bolalarda jinsiy yetilish odatda 10-11 yoshdan boshlanadi, va 17-19 yoshga kelib yakunlanadi.
Tananing oʻsib borishi kabi jinsiy a’zolar ham davomiy oʻsib boradi.
Ovozning oʻzgarishi — erkaklarda jinsiy yetilishning yana bir muhim bosqichidir. Erkak gormonlari boʻlmish androgenlar ta’siri ostida oʻgʻil bolalarda kekirdak oʻsa boshlaydi, ovoz paylari esa qalinlashib boradi. Bu esa oʻgʻil bolaning ovozi pastroq va dagʻalroq boʻlishiga olib keladi. Bu oʻzgarishlar keskin boʻlishi yoki bir necha oyga choʻzilib ketishi mumkin, shu sababli ovoz barqaror boʻlmasligi, ba’zida “sinishi” – ayni paytda ham yuqori, ham past boʻlishi mumkin. 14-15 yoshga kelib hammasi joyiga tushadi.
Oʻgʻil bolalarda boʻyning keskin oʻsishi qizlardan sal kechroq, 13-15 yoshida boshlanadi. Siz va sinfdoshlaringizning boʻyi bir yozgi ta’tilning oʻzida 10-15 santimetrgacha oʻsib ketishi mumkin! Yigitlarning suyaklari ogʻirlashadi, yelkalarining kengligi ortib boradi, mushaklar kattalashib salmogʻi ortadi. Tanasidagi keskin oʻzgarishlar tufayli ba’zi oʻgʻil bolalar besoʻnaqay va qoʻpol boʻlib koʻrinishi mumkin, lekin jinsiy yetilish oxiriga kelib ularning tanasi kerakli mutanosiblikka erishadi.
Jinsiy yetilish davrida erkak gormonlari (androgenlar) ta’siri ostida oʻgʻil bolalarda qoʻltiq osti sohalarida va choti sohasida tuklar faol oʻsa boshlaydi. Shuningdek, ularning ta’siri tufayli teri yogʻi (sebum) ajralishi koʻpayadi, shu sababli teri yogʻli boʻlib qoladi, yoqimsiz yalligʻlanishlar va husnbuzarlar paydo boʻladi.