Kariyes va uning paydo boʻlishini oldini olish
Kariyes bu ogʻiz boʻshligʻining eng keng tarqalgan kasalliklaridan biridir. Sizda kariyes borligini aniqlash juda oson. Tish emali rangining oʻzgarishi (toʻq yoki och dogʻ paydo boʻlishi) yoki tish tuzilishining oʻzgarishi, masalan, dagʻallik yoki gʻadir-budurlik paydo boʻlishi kasallik boshlanishining belgilaridir. Tishlarning ovqatga ayniqsa, shirin, sovuq va issiq narsalarga ogʻriqli reaksiyasi, yoki sababsiz paydo boʻladigan tish ogʻrigʻi ham kariyesning alomatlaridir. Ogʻizdan yoqimsiz hid kelishi ham kariyesning belgisi boʻlishi mumkin.
Tishlarni yoʻqotishning eng asosiy sabablaridan biri kariyesdir. Uning paydo boʻlishini oldini olish uchun ogʻiz gigiyenasi qoidalariga mas’uliyat bilan yondashish kerak. Ogʻiz boʻshligʻida bakteriyalarning koʻp miqdorda boʻlishi tish va milklar salomatligiga tahdid soladi.
Tish kariyesini oldini olish tadbirlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- yiliga kamida 2 marta tish shifokoriga borishingiz kerak, bu oʻz navbatida tishlarning buzilishini dastlabki bosqichlarda oldini oladi;
- tishlaringizni toʻgʻri yuving: ularni muntazam ravishda va yaxshilab, kuniga kamida ikki marta, 2-3 daqiqa davomida tozalashingiz kerak;
- juda issiq va juda sovuq ovqatlarni iste'mol qilmaslikka harakat qiling;
- shirinliklar va un mahsulotlarini iste’mol qilishni kamaytirishga harakat qiling;
- toʻgʻri balansli va har-xil mahsulotlardan ovqatlaning;
- kundalik ratsionga xom sabzavotlarni kiriting, ovqat paytida ularni iste’mol qilish tishlaringizni tabiiy ravishda tozalanishiga imkon beradi;
- fosfor va vitamin D olish uchun baliq va dengiz mahsulotlarini iste’mol qiling;
- organizmni kalsiy bilan toʻyintirish uchun sut mahsulotlarini tez-tez iste’mol qilib turing;
- ovqatni yaxshilab chaynang;
- ovqatdan keyin tishlarni tozalash va oʻgʻizdagi kislota tarkibini me’yoriga keltirish uchun ogʻzingizni chaying yoki saqich ishlating;
- tishlar oralaridagi boʻshliqlarni tozalash uchun tish ipidan foydalaning.