Milklar nima uchun ogʻriydi va bunday holatda nima qilish kerak?
Milklardagi ogʻriqlarning sababi tish atrofidagi toʻqimalarda yalligʻlanish jarayoni kechayotganidir. Kasallikning dastlabki bosqichi gingivit deb ataladi, keyin esa parodontit, periodontit va periostit vujudga keladi. Milklardagi ogʻriq tishdagi kasalliklarning belgisi boʻlishi mumkin.
Milkdagi ogʻriqlar juda keng tarqalgan muammodir. Agar bu oʻz vaqtida davolanmasa, jiddiy asoratlarga va hattoki tishlar toʻkilishiga olib keladi.
Milk ogʻrishining sabablari quyidagilar boʻlishi mumkin:
- ogʻiz boʻshligʻi parvarishiga beparvolik;
- tishdagi qatlamlar yoki toshlar;
- kariyes(tish chirishi);
- notoʻgʻri oʻrnatilgan vinirlar, breketlar va plombalar;
- mexanik jarohatlar;
- immunitetning zaifligi;
- gormonal fonning buzilishi.
Milk ogʻrigʻi bilan birga quyidagilar kuzatiladi:
- milklar qizarishi va shishi;
- milk qonashi;
- oʻgizdan hid kelishi;
- sezuvchanlik oshishi.
Agar hozir shifokorga borish imkoniyati boʻlmasa, ammo milklar ogʻrigʻi qiynayotgan boʻlsa, yalligʻlanish darajasini vaqtinchalik mustaqil ravishda kamaytirish mumkin:
- ogʻriqsizlantirish uchun stomatologik gellardan foydalanish;
- ogʻiz boʻshligʻini dorivor oʻsimliklar bilan chayib turish(moychechak, shalfey, evkalipt).
Tish va milklarni davolamaslik nimalarga olib keladi?
Tishlarning qonashi va milklarning yalligʻlanishiga koʻpchilik e’tibor bermaydi, chunki ular bu alomatlarni jiddiy deb hisoblamaydilar, ammo bu fikr notoʻgʻri. Milklar oʻz vaqtida davolanmasa tish-milk birikuvi asta-sekin buziladi, tishlar qimirlab qoladi va oxir-oqibat toʻkila boshlaydi.
Agar milklarda ogʻriq boʻlsa, tish shifokori(stomatolog)ga murojaat qiling.
Milklarning yalligʻlanishini oldini olish uchun:
- tishingizni kuniga kamida 2 marta tozalang;
- tish iplari va ogʻiz boʻshligʻini chayish vositaslaridan foydalaning;
- tish shifokori koʻrigiga albatta yiliga 2 marta boring;
- tizimli kasalliklarni oʻz vaqtida davolang;
- oʻz ratsioningizga xom tarzda iste’mol qilinishi kerak boʻlgan oʻsimlik tolalariga boy sabzavot va mevalarni (olma, selderey, sabzi) qoʻshing.