Barmoq izlari qanday kashf qilingan?
Bugun turli sohalarda, xususan raqamlashtirish jarayonlarida insonning barmoq izlaridan foydalanish keng tarqalgan. Mazkur jarayon ilm-fanda “daktiloskopiya” — barmoq izlari orqali shaxsni aniqlash deb nomlanadi.
Angliyalik fiziolog Gershel ancha yillik izlanishlarida bir shaxsning barmoq izi boshqasinikiga o‘xshamasligini aniqlagan. Shundan so‘ng u anatomiya darsliklarini varaqlab, o‘zining kashfiyotini barmoqdagi papillyar chiziqlar yordamida asosladi. Shu tariqa barmoq izlari inson shaxsini tasdiqlovchi o‘zgarmas muhr ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.
Barmoq izlari orqali shaxslarni aniqlash ilk bor XIX asrning oxirlarida Buyuk Britaniyada kashf etilgan. O‘sha paytlarda angliyalik ma’murlar hindistonlik ishchilarga oylik maosh tarqatishda imzo o‘rnida barmoq izlaridan foydalanganlar, keyinchalik esa bu jinoyat izlarini aniqlashda qo‘llanilgan.
Bugungi kunda barmoq izlari orqali jinoyatlarni fosh etish samarali hisoblanadi. Buning uchun alohida yo‘nalish: “Kriminalistika” tashkil etilgan. Kriminalist-ekspertlar jinoyat sodir etilgan voqea joyida turli ashyoviy dalillarda jinoyatchining qoldirgan barmoq izlari orqali ularning jinoyatlarini fosh etib kelmoqda.
Bugungi kunda ilm-fan taraqqiy etgan sari, barmoq izlari orqali nafaqat jinoyatlarni fosh etish, balki xavfsizlikni ta’minlash va texnikalardan foydalanishda qulayliklar yaratmoqda. Masalan, mobil telefonlarda barmoq izlari orqali boshqarish funksiyasi allaqachon ishga tushirilgan.